Savdo markazlariga soliq ta’tili berilishi mumkin
Olam
−
17 iyun 1658 3 daqiqa
Qozog‘istonda Majlis deputati Ozod Peruashev savdo markazlarini rekonstruksiya qilish davrida ular uchun soliq ta’tillarini joriy etishni, shuningdek, savdo ko‘chmas mulki egalariga maxsus soliq rejimini qo‘llashga ruxsat berishni taklif qildi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Peruashev o‘zining deputatlik so‘rovida Chimkent, Qarag‘anda, Semey, Oral va Ostona shaharlaridan bo‘lgan tadbirkorlar savdo-ko‘ngilochar markazlariga tashrif buyuruvchilar soni va xaridorlar faolligi kamayganidan shikoyat qilayotganini bildirgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu holat do‘konlar va ijara biznesi daromadlarining tushib ketishiga olib kelmoqda. Tadbirkorlar buning sabablaridan biri sifatida savdo maydonlarini ijaraga berish faoliyati maxsus soliq rejimini qo‘llashga ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatidan chiqarib tashlanganini ko‘rsatmoqda.
Biroq Peruashevning fikricha, muammo faqat soliqlar bilan bog‘liq emas. Uning hisoblashicha, savdo markazlari onlayn-savdo, marketpleyslar, masofaviy xaridlar va yetkazib berish xizmatlarining shiddat bilan rivojlanayotgani sababli xaridorlarini yo‘qotmoqda. Deputat qo‘shimcha omil sifatida aholi xarid qobiliyatining pasayganini ham tilga olgan.
“Savdo majmualari tashrif buyuruvchilar kamayishi, ijarachilar soni qisqarishi, bo‘sh maydonlarning ortishi va investitsiyaviy jozibadorlikning tushib ketishi muammosiga duch kelmoqda”, deydi majilis a’zosi.
Deputat savdo markazlari va ularga tegishli infratuzilma qurilishiga milliardlab tenge mablag‘ tikilganini qayd etgan. Shu bilan birga, bunday ob’ektlarning faoliyati bilan ish o‘rinlari, soliq tushumlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarning ishi chambarchas bog‘liq.
Peruashev biznes vakillari bilan birgalikda savdo markazlarini qayta formatlash (faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish) bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif qilgan. Deputatning fikricha, savdo markazlarni bosqichma-bosqich ko‘p funksiyali jamoatchilik maskanlariga aylantirish zarur. Ularda qo‘shimcha bolalar va sport zonalari, attraksionlar, fitnes-markazlar, sog‘lomlashtirish va ta’lim muassasalari, kompyuter klublari, fud-kortlar va boshqa xizmatlar paydo bo‘lishi mumkin.
Biroq bunday transformatsiya binolarni rekonstruksiya qilish va bo‘sh maydonlarni qayta jihozlashni o‘z ichiga olgani bois katta xarajatlarni talab qiladi. Shu munosabat bilan deputat quyidagilarni nazarda tutishni taklif qilgan:
- Rekonstruksiya davrida muayyan savdo markazlari uchun soliq ta’tillari berish;
- Bino va savdo maydonlarini rekonstruksiya qilish hamda qayta jihozlash uchun qulay kreditlar ajratish;
- Biznesning muqobil yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
- Binolar va savdo maydonlarini qayta qurish bo‘yicha namunaviy (tipovoy) yechimlarni tayyorlash;
- Dastur ishtirokchilari uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.
Bundan tashqari, Peruashev Iqtisodiy faoliyat turlarining umumiy klassifikatori bo‘yicha 68204-kodli – “Savdo ko‘chmas mulkini ijaraga berish va boshqarish” faoliyati uchun ham maxsus soliq rejimini qo‘llashga ruxsat berishni taklif qilgan.
Majlis a’zosining fikricha, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar ish o‘rinlarini saqlab qolish, savdo infratuzilmasi foydaliligini oshirish va savdo markazlariga yangi ish formatlariga o‘tishda yordam beradi.
Live
Barchasi