Surxondaryoda “zamhokim” ayollarni paxta terimiga chiqishga majburlagani aytilmoqda

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Toshmatovaga tegishli videomurojaat tarqatildi. Unda mahalla xotin-qizlar faollarini paxta terimiga majburlash holati aks etgan. Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Tarmoqlarda tarqalgan video va audiolarda Dilfuza Toshmatova har bir faol 5 nafardan odam olib chiqishi zarurligini, 150 nafar odam dalani “yamlamay yutishi kerakligini” aytganini eshitish mumkin. Shuningdek, u bu ishga qarshilik qilganlar “donolik qilmasdan” ketaverishi mumkinligini, olib o‘tirilmasligini aytgan.

Bildirishicha, mazkur holat viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tomonidan shaxsan nazoratga olingan. Hozirda topshiriq asosida tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishidan oldin hududlarda xatlov o‘tkazilib, faqatgina ko‘ngilli terimchilar ro‘yxatlari shakllantirilgan. Mahallalardagi faol va tashabbuskor ayollar esa otryad rahbari sifatida belgilangan.
Surxondaryo viloyati hokimligi majburiy mehnatning har qanday shaklini qat’iyan qoralaydi. Hech bir mas’ul shaxsga xodimlarni majburiy ravishda paxta terimiga jalb etish bo‘yicha topshiriq berilmagan. Agar o‘rganish natijasida bunday holat tasdiqlansa, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz,  oldinroq Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Buning ortidan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berilishi hamda maktab direktorining egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilandi. Shu bilan birga, tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zaruriy targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun “hayfsan” intizomiy jazosi berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Sariosiyo paxta terimi Dilfuza Toshmatova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing