Suriya uchun katta burilish: Tramp ash-Shara bilan Oq uyda uchrashadi

Olam

image

Bugun, 10 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan Oq uydagi uchrashuvi mamlakatning xalqaro izolyatsiyadan chiqishidagi tarixiy burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.

Bu – Suriya prezidentining Oq uyga birinchi rasmiy tashrifi bo‘ladi. Uchrashuv Tramp va ash-Shara o‘rtasidagi ilk muloqotdan olti oy o‘tgach, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan sammitdan keyin amalga oshmoqda. Bir necha kun avval Vashington ash-Sharani “jahon miqyosida maxsus belgilangan terrorist”lar ro‘yxatidan chiqarganini ma’lum qildi.

42 yoshli Ahmad ash-Shara o‘tgan yili hokimiyatni qo‘lga olgan edi – uning qo‘shinlari Suriya shimoli-g‘arbidagi anklavdan tezkor hujum boshlab, 8 dekabr kuni uzoq yillar hukmronlik qilgan Bashar Asad rejimini ag‘dargan.

Shundan beri Suriyaning mintaqaviy yo‘nalishi keskin o‘zgardi: mamlakat Eron va Rossiya ta’siridan uzoqlashib, Turkiya, arab ko‘rfazi davlatlari hamda Vashington bilan yaqinlashmoqda.

Bugungi muzokaralarda xavfsizlik masalalari asosiy mavzulardan biri bo‘lishi kutilmoqda. AQSH Suriya va Isroil o‘rtasida xavfsizlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda vositachilik qilmoqda, shuningdek, “Reuters” xabariga ko‘ra, Vashington Damashq yaqinidagi harbiy aerodromda o‘z bazacini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Suriya ISHIDga qarshi AQSH boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilishi kutilmoqda. Bu haqdagi rasmiy bayonot 10 noyabr kuni Oq uydagi uchrashuvda e’lon qilinishi mumkin.

Sanksiyalar bo‘yicha so‘nggi to‘siq

Uchrashuv arafasida Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga “Suriya bo‘yicha juda katta ilgarilashlarga erishilganini” ma’lum qildi.

“Menimcha, u (ash-Shara) juda yaxshi ishlayapti. Bu juda qiyin mintaqada joylashgan mamlakat, u esa kuchli irodali inson, lekin men u bilan juda yaxshi til topishdim”,  dedi Tramp.

Tramp va ash-Shara may oyida Ar-Riyodda uchrashgach, AQSH Prezidenti Suriyaga nisbatan barcha sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilgan edi.

Biroq eng og‘ir choralar – “Sezar sanksiyalar akti” – Kongress tomonidan bekor qilinishi lozim. Oq uy va Davlat departamenti 2025 yil tugamasidan avval bu sanksiyalarni olib tashlashni ochiq qo‘llab-quvvatlagan, ammo mutaxassislar hukumat faoliyatining vaqtincha to‘xtashi (shutdown) bu jarayonni kechiktirishi mumkinligini aytmoqda.

Ash-Shara Kongressda ushbu qonunni bekor qilish uchun faol ravishda chiqish qilishi kutilmoqda. Bu 14 yillik urushdan vayron bo‘lgan mamlakatga xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy tiklanish jarayonini tezlashtirishga yordam beradi. Jahon banki baholashicha, Suriyani qayta tiklash uchun 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab etiladi.

Shu bilan birga, mamlakatdagi ijtimoiy tuzilma hali ham sinovdan o‘tmoqda. Asad rejimi ag‘darilganidan beri yuz bergan navbatdagi mazhabiy zo‘ravonlik to‘lqinlari 2,500 dan ziyod odamning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bu esa fuqarolik urushi yaralarini yana chuqurlashtirdi va yangi hokimiyatning barcha suriyaliklar nomidan boshqarish qobiliyatini savol ostida qoldirdi.

Keskin burilishlar

Ash-Sharaning shaxsiy taqdiri ham uning mamlakatidagi o‘zgarishlar kabi hayratlanarli. U 2003 yildagi AQSH boshchiligidagi Iroqka bosqin paytida “Al-Qoida” saflariga qo‘shilgan va bir necha yilni AQSHning Iroqdagi qamoqxonalarida o‘tkazgan. Keyin u Suriyaga qaytib, Asad rejimiga qarshi isyonchilar safiga qo‘shilgan.

2013 yilda AQSH ash-Sharani, o‘shandagi nomi bilan Abu Muxammad al-Jo‘loniy sifatida, “Al-Qoida” bilan bog‘liqligi uchun terrorist deb e’lon qildi. U 2016 yilda bu tashkilot bilan aloqalarni uzdi va Suriyaning shimoliy-sharqiy hududlarida o‘z ta’sirini mustahkamladi.

AQSH 2024 yil dekabrida ash-Shara boshiga qo‘yilgan 10 million dollarlik mukofotni bekor qildi. O‘tgan hafta esa BMT Xavfsizlik Kengashi ash-Shara va Suriya ichki ishlar vaziri Anas Xattabga nisbatan joriy etilgan terrorizmga oid sanksiyalarni olib tashladi.

BMT qarori ortidan Buyuk Britaniya va AQSH ham ularga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qildi. Vashingtonda bu qadam ularni “Jahon miqyosida maxsus belgilangan terrorchilar” ro‘yxatidan chiqarishni ham o‘z ichiga oldi.

“Ash-Sharaning Vashingtonga tashrifi bu paytdagi ulkan geosiyosiy o‘zgarishlarning ramzidir. Suriya Eron ta’siridagi davlatdan AQSH yetakchiligidagi lager a’zosiga aylandi. Ash-Sharaning o‘zi esa qidirilayotgan terroristdan terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorga aylandi. Albatta, bu yangi siyosiy tajriba hali nozik bosqichda va ozchilik hamda inson huquqlariga oid jiddiy xavotirlar saqlanib qolmoqda. Biroq Suriya prezidentining tarixda ilk bor Vashingtonga tashrifi – mamlakat to‘g‘ri yo‘lga kirishidan darak beruvchi umidli lahza hisoblanadi”, dedi Nyu-Yorkdagi Eurasia Group'ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha rahbari Firas Maqsad.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Donal'd Tramp Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing