So‘nggi imkoniyat: AQSH Eron bilan muzokara tuzishga harakat qilmoqda

Olam

image

AQSH va Eron vositachilar bilan birga 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu vaqtinchalik sulh keyinchalik to‘liq tinchlik kelishuviga olib kelishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.

AQSH va Eron mintaqaviy vositachilar bilan birgalikda 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini muhokama qilmoqda. Bu kelishuv urushni yakunlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, qisman kelishuvga erishish imkoniyati juda kam, biroq bu “so‘nggi urinish” va urush keskin kengayib ketishining oldini olish uchun yagona imkoniyat hisoblanadi.

Nashr ikki manbasining ma’lum qilishicha, AQSH va Isroil Eronning energetika ob’ektlarini bombardimon qilish bo‘yicha reja tayyorlab qo‘ygan. Ularning aytishicha, Prezident Donald Tramp ultimatum muddatini uzaytirgan, bu esa kelishuvga erishish uchun so‘nggi imkoniyatni berish maqsadida qilingan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar Pokiston, Misr va Turkiya vositachiligida olib borilmoqda. Shuningdek, AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘rtasida yozma muloqot ham davom etmoqda.

AQSH rasmiylaridan birining aytishicha, so‘nggi kunlarda Vashington Tehronga bir nechta takliflar yuborgan, biroq hozirgacha ularning birortasi qabul qilinmagan.

Qayd etilishicha, muhokama qilinayotgan kelishuv ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich – 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish. Shu davr ichida urushni to‘liq tugatish shartlari kelishib olinishi rejalashtirilgan. Vositachilar fikricha, Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish va Eronning boyitilgan uran masalasini hal qilish faqat yakuniy kelishuv doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Hozir vositachilar Eron birinchi bosqichda hech bo‘lmasa qisman yon berishga tayyormi yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda. Ular Tehronni ogohlantirib, yaqin 48 soat kelishuvga erishish va keng ko‘lamli vayronagarchilikning oldini olish uchun so‘nggi imkoniyat ekanini bildirgan.

Shu bilan birga, Islom Respublikasi rasmiylari faqat qog‘ozda qoladigan kelishuvga rozi bo‘lishni istamasliklarini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi ochilmasa, Erondagi elektr stansiyalari va ko‘priklarni vayron qilish bilan tahdid qilgandi. Tramp Eron rasmiylarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlab, darhol bo‘g‘ozni ochishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Stiv Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing