Sud Garvardga xorijlik talabalarni qabul qilishga ruxsat berdi
Olam
−
30 may 2087 2 daqiqa
AQSHning Boston federal sudi Prezident Donald Trampning Garvard universitetiga chet ellik talabalarni qabul qilishni taqiqlash haqidagi qarorini noma’lum muddatga blokladi. Sobiq prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan sudya Ellison Berrouz kecha, 29 may kuni shunday qaror chiqardi.
Berrouzning qayd etishicha, bunday qaror “status-kvoni saqlab qolish”ga yordam beradi. Biroq ish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilingani yo‘q
Shunday qilib, Oq uy universitetga Talabalar va almashinuvchilar dasturini (Student and Exchange Visitor Program (SEVP) amalga oshirishga ruxsat bergan sertifikatni hali bekor qila olmaydi.
22 may kuni AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Garvard universitetini “zo‘ravonlik, antisemitizmni rag‘batlantirish va Xitoy Kommunistik partiyasi bilan muvofiqlashtirishda” ayblab, SEVP sertifikatini bekor qilishni buyurdi. Ertasi kuni Garvard Massachusets shtatidagi federal sudga Tramp ma’muriyatiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, taqiqqa e’tiroz bildirdi. O‘sha kuni sudya Berrouz Oq uyni universitetning SEVP sertifikatini bekor qilishini vaqtincha to‘sib qo‘ydi.
27 may kuni “Politico” nashri tahririyat qo‘lga kiritgan hujjatga tayanib, Donald Tramp ma’muriyati abituriyentlarning ijtimoiy tarmoqlarini tekshirishni kengaytirish masalasini ko‘rib chiqayotgani sababli, AQSHda talabalik vizalari uchun yangi intervyularni to‘xtatib qo‘yishni buyurgani haqida xabar berdi. Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy mumkin bo‘lgan chora sifatida AQSHda o‘qishni xohlovchilarning ijtimoiy tarmoqlarini majburiy tekshirishni ko‘rib chiqmoqda. Qayd etilishicha, bu mavjud chora-tadbirlarning “sezilarli darajada kengayishi” bo‘ladi.
Live
Barchasi