Sotish uchun 3,5 mlrd so‘mlik sifatsiz dorini saqlayotganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini noqonuniy savdoga chiqarilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1949 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning 1979 yilda tug‘ilgan o‘g‘lining Olmazor tumanidagi yashash manzili ko‘zdan kechirilganda xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 1 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi “Trenaksa”, “Sumamigren”, “Femileks” kabi jami 72 nomdagi 3615 quti dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ota-bola mamlakatga noqonuniy olib kelingan bunday dori vositalarini muntazam ravishda vodiy viloyatlaridan arzon narxda xarid qilib, poytaxtdagi mijozlarga sotish bilan shug‘ullanishgan.

 “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan hamda ularni maxsus sharoitlarda saqlashning belgilangan qoidalariga amal qilinmagan. Shu sababli mazkur dori vositalarini saqlash, sotish, tashish va tibbiyotda qo‘llash taqiqlanadi.

Bildirilishicha, hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,186-3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan, shubha uyg‘otuvchi 456 turdagi 57 ming 407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona dori vositalarining yasama bo‘sh qutilari hamda 1 dona dori tayyorlash moslamasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, dori vositalarning umumiy qiymati 3,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, ushbu dori vositalarining 160 turdagisi davlat reyestrida qayd etilmagani, 274 turdagisiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagani, 50 turdagisi sifatsiz, yaroqlilik muddati o‘tgan hamda 7 turdagisi esa qalbakilashtirilgani ma’lum bo‘ldi. 

Bildirilishicha, holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida sifati kafolatlanmagan dori vositalarini 16 600 AQSH dollariga sotayotgan shaxs qo‘lga tushgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Farmatsevtika sifatsiz dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing