SSSRda tug‘ilgan shaxs “Mossad” rahbari bo‘ldi
Olam
−
15:20 2068 3 daqiqa
Isroilning “Mossad” tashqi razvedka xizmatiga ilk bor sobiq SSSR respublikalaridan biridan chiqqan shaxs rahbarlik qiladigan bo‘ldi: tashkilotning yangi direktori etib Belarusdan ko‘chib ketgan general-mayor Roman Gofman tayinlandi. Vakolatlarni topshirish marosimi joriy yilning 2 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Men Roman Gofmanni “Mossad”ning navbatdagi direktori etib tayinlaganimdan faxrlanaman”, deb yozdi Binyamin Netanyaxu.
Qasamyod qilish marosimida Netanyaxu general Gofmanning bosh missiyasi sifatida Eron rejimini yo‘q qilishni ko‘rsatgan.
“Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishi muqarrar bo‘lgan va bu maqsadga erishishiga o‘zimiz yordam beradigan ushbu terror rejimi endi bizga yadroviy bombalar va minglab halokatli ballistik raketalar bilan tahdid qila olmaydi. “Mossad” Eron tajovuziga qarshi kurashimizning eng oldingi safida qoladi... Ko‘p yillardan buyon yuritayotgan izchil siyosatimizga muvofiq, biz Eron rejimining vaqtni orqaga qaytarishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Uning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga va mavjudligimizga tahdid solishiga izn bermaymiz”, deydi Isroil Bosh vaziri.
Netanyaxuning maslahatchisi Dmitriy Gendelman Roman Gofmanning “Mossad” rahbari lavozimiga tayinlanishini “tarixiy ahamiyatga molik voqea” deb atagan.
“Bu Isroil tarixida sobiq Sovet Ittifoqi davlatlaridan ko‘chib kelgan repatriantlar vakili xavfsizlik tuzilmalarida egallagan eng yuqori lavozimdir”, deb yozdi Gendelman o‘zining Telegram-kanalida.
Yangi direktorning tayinlanishidan avval sud muhokamasi bo‘lib o‘tgan. Bu mojaro 2022 yilga borib taqaladi: o‘shanda Gofman Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) diviziyasiga qo‘mondonlik qilayotgan vaqtda, ofitserlardan biri uning xabari va roziligi bilan axborot urushi doirasida arab tilida maxfiy ma’lumotlarni tarqatish uchun 17 yoshli isroillik bloger Uri Elmakaysni hamkorlikka jalb qilgan. O‘smir yigit uning bu faoliyatidan bexabar bo‘lgan “Shin Bet” xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan va Elmakaysning SAXAL bilan hamkorlik qilgani isbotlanib, ayblovlar olib tashlanguniga qadar bir yarim yil davomida dastlabki tergov hibsxonasida o‘tirgan.
Uri Elmakays Roman Gofmanning “Mossad” rahbari etib tayinlanishiga qarshi da’vo arizasi bilan chiqib, general ularning hamkorligi haqida huquq-tartibot idoralarini ogohlantirmaganini da’vo qilgan. Isroil Oliy adolat sudi (BAGAS) 1 iyun kuni ushbu shikoyatni rad etgan. Sud bu ishda Gofmanning xatolari borligini tan olgan, biroq uning “Mossad” rahbari lavozimiga nomzodini yo‘qqa chiqaradigan etika qoidalari buzilishini ko‘rmagan.
Belarusning Mozir shahrida tug‘ilgan Roman Gofman 1990 yilda Isroilga ko‘chib o‘tgan. U harbiy internatda tahsil olgan, harbiy faoliyatini esa tank qo‘shinlarida boshlagan. 2019 yilda unga brigada generali unvoni berilgan. 2024 yildan buyon Netanyaxuning harbiy kotibi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Live
Barchasi