Sobiq futbolchi 30 yilgacha qamalishi mumkin
Sport
−
18 noyabr 2025 2289 2 daqiqa
AQSH milliy futbol ligasi (NFL)ning sobiq yulduzi Antonio Braun otishma bilan bog‘liq qotillikka urinishda ayblanyapti va bu ish bo‘yicha u 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda Florida prokuraturasiga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
“Tampa-Bey Bakkanirs” jamoasi bilan 2021 yilgi Superboul g‘olibi bo‘lgan Braunning advokati Mark Eiglarshning aytishicha, ish sudlov hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Sudya Marisa Tinkler-Mendez navbatdagi tinglovni joriy yilning 22 dekabr kuniga belgilagan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 16 may kuni Mayamidagi havaskor boks musobaqasi vaqtida janjal kelib chiqqan, Braun esa qo‘riqchidan qurolni tortib olib, bir necha marta o‘q uzgan. Braun 17 may kuni X platformasida voqeani sharhlab, bir guruh odamlar “uning zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashga va unga shikast yetkazishga uringanini” da’vo qilgan.
37 yoshli Braun joriy yilning 17 noyabr kuni Mayami-Deyd sudi tomonidan o‘tkazilgan virtual tinglovda qisqa ishtirok etdi. Prokuror yordamchisi Stefani Kruzning ta’kidlashicha, Braun aybdor deb topilsa, unga uzoq muddatli jazo qo‘llanishi muqarrar.
Bu voqea futbolchi faoliyati davomida duch kelgan huquqiy muammolarning navbatdagi holati. Braun 2019 yilda sobiq murabbiyi tomonidan jinsiy tajovuzda ayblanib, keyinchalik ishni hal qilgan. 2020 yilda esa uyi tashqarisida yuk mashinasi bilan bog‘liq hodisa uchun o‘g‘irlikda ayblangan edi.
Ma’lumot uchun, Braunning NFL’dagi faoliyati 2022 yilda, “Tampa-Bey Laytning” – “Nyu-York Jets” uchrashuvidan so‘ng yakunlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq britaniyalik bokschi Ross Kitchen Istanbulda taksi haydovchisiga shafqatsizlarcha hujum qilgani uchun Turkiyada 13 yildan 33 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi