“Sizsiz nima qilishni bilmayman”. Messi marhum otasiga ta’sirli maktub yozdi

Sport

image

Argentina terma jamoasi hujumchisi va sardori Lionel Messi ijtimoiy tarmoqda otasi Xorxe Messi bilan xayrlashib, uning vafotidan so‘ng futbolchilik faoliyatini uzoqroq davom ettirishiga shubha qilayotganini tan oldi.

Xorxe Messi joriy yilning 8 avgust kuni Rosario shahridagi shifoxonada 68 yoshida vafot etdi. Uning dafn marosimi 9 avgust kuni yopiq tarzda o‘tkazildi.

“Siz mendan o‘tgan Jahon chempionatida o‘ynashni juda ko‘p iltimos qilardingiz. Turnir boshlanishiga bir necha kun qolganda o‘zingizni yomon his qila boshladingiz. Birinchi marta men bilan turnirda bo‘lmadingiz. Onam esa sizni tuzalib, kela olishingizni aytardi.
Men sizga finalga chiqishimizni, shunda kela olishingizni aytdim. Har bir o‘yindan keyin sizdan xabar kutib, sizni sog‘indim. O‘sha paytda vaziyat juda og‘ir ekanini angladim.
Shunga qaramay, imkoni boricha uzoqroq borishni va sizga hech bo‘lmasa bitta o‘yinimni ko‘rish imkonini berishni o‘yladim. Biz finalga chiqdik, ammo siz u yerda bo‘la olmadingiz. Men sizga kubokni olib kelish uchun finalda g‘alaba qozonishni xohladim. Ammo qila olmadim, oyoqlarim endi menga bo‘ysunmasdi. Bu safar tanam bilan kurashishga harakat qildim, ammo uddalay olmadim”, deb yozdi Messi.

Uning ta’kidlashicha, otasi bilan Jahon chempionati haqida to‘liq gaplasha olmagan.

“Men kelganimda, siz finalda penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lganmiz, deb o‘ylagan edingiz. Biz sodir bo‘lgan voqealar haqida gaplasha olmadik. Siz o‘yindan zavqlana olmadingiz. Biz chempion bo‘lmadik, ammo har bir o‘yindan qanchalik zavqlanganimizni tasavvur ham qila olmaysiz. Har doimgidek, siz haq edingiz – men u yerda bo‘lib, o‘ynashim kerak edi. Men buni sizga aytayapman, chunki bu biz gaplasha olmay qolgan yagona masala. Qolgan barcha narsani siz allaqachon bilasiz”, deya qo‘shimcha qilgan sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi.

Messi otasisiz hayotini qanday davom ettirishni bilmayotganini ham qayd etgan.

“Sizsiz nima qilishni, hayotimni qanday davom ettirishni bilmayman. Men shunchaki futbol o‘ynardim va endi buni uzoqroq davom ettirishimga jiddiy shubha qilaman. Siz boshidanoq yonimda edingiz va oxirigacha ham oz qolgandi. Nega birga yakunlashimiz uchun yana biroz sabr qila olmadingiz?” deb yozdi argentinalik futbolchi.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi Ispaniya chempionati, “Barselona” va Argentina terma jamoasining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. U, shuningdek, tarixda sakkiz marta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan yagona futbolchi hisoblanadi.

Xorxe Messi esa o‘g‘lining manfaatlarini himoya qilib, uning futbolchilik faoliyatini ko‘p yillar davomida boshqarib kelgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing