Siz mamlakatingizni dunyoga ochdingiz – Marko Rubio Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlariga yuksak baho berdi (video)
Jamiyat
−
17:40 673 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Bu haqda u kecha, 19 oktyabr kuni Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Hech kimda shubha bo‘lmasin: Qo‘shma Shtatlar ushbu mintaqaning ham, O‘zbekistonning ham hamkori bo‘lishni istaydi. Biz allaqachon hamkormiz va bu hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda kengaytirish niyatidamiz”, deydi Marko Rubio.
Davlat kotibi O‘zbekistonga AQSHdan 200 nafardan ortiq biznes vakili tashrif buyurganini alohida qayd etib, kelgusida bunday tashriflar yanada ko‘payishiga ishonch bildirgan.
“Balki sizlarga bu yerdan kvartira yoki kichikroq uy sotib olish ham kerak bo‘lar. Chunki endi O‘zbekistonga tez-tez kelishingizga to‘g‘ri keladi. Biz ham sizlarning bu yerga tez-tez kelishingizga umid qilamiz”, deydi u amerikalik tadbirkorlarga yuzlanib.
Marko Rubio bunday keng ko‘lamli hamkorlikka aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirgan islohotlar zamin yaratganini alohida e’tirof etgan.
“Lekin bularning barchasi Siz amalga oshirgan islohotlarsiz mumkin bo‘lmas edi, janob Prezident. Siz mamlakatingizni dunyoga ochdingiz. Eng muhimi, Qo‘shma Shtatlar va Prezident Trampni hamkor sifatida qabul qildingiz. Natijada Siz nafaqat o‘z mamlakatingiz, balki butun mintaqa, qo‘shni davlatlaringiz va Qo‘shma Shtatlar uchun ham birgalikda rivojlanish borasida ulkan imkoniyatlar yaratdingiz”, deya ta’kidlaydi AQSH Davlat kotibi.
U muloqotlarni tarixiy ahamiyatga ega voqea sifatida baholab, besh yoki o‘n yildan keyin AQSH va O‘zbekiston munosabatlari rivoji tahlil qilinganida aynan shu oqshom alohida eslanishiga ishonch bildirgan.
Live
Barchasi