Siyosiy keskinliklar FIFA targ‘ibotiga zid – Taremi
Sport
−
15 iyun 1970 2 daqiqa
Eron milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan o‘tkazilgan ilk matbuot anjumani deyarli to‘liq siyosiy mavzularga bag‘ishlandi. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali xabar berdi.
Eron terma jamoasi yetakchisi va Gretsiyaning “Olimpiakos” klubi hujumchisi Mehdi Taremining aytishicha, jamoaning Yangi Zelandiyaga qarshi ochilish o‘yini haqida deyarli savol berilmagan. Shunga qaramay, futbolchilar mazkur bahsni intiqlik bilan kutayotganini bildirgan.
Xabarlarga ko‘ra, matbuot anjumani boshlanishidan oldin FIFA vakili jurnalistlarga asosan sport mavzularida savol berishni tavsiya qilgan. Biroq siyosiy mavzulardan qochib bo‘lmasligi ham qayd etilgan.
Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoyi AQSH tomonidan jamoaga o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazish uchun sharoit yaratilmagani muayyan qiyinchiliklar tug‘dirganini aytgan. Uning fikricha, bunday holatlar futbol ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Natijalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar bu vaziyat o‘zimizni noqulay his qilishimizga sabab bo‘lmoqda”, deydi murabbiy.
Mehdi Taremi ham bosh murabbiyning fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan.
“Biz doim futbol tinchlik va quvonch elchisi ekanini aytamiz. Ammo hozir bu hissiyot yo‘qolib borayotgandek. Menimcha, odamlarning Jahon chempionatini kutishdagi hissi bu safar avvalgidek emas. Mavjud keskinlik quvonchni soya ostida qoldirmoqda. Bu esa FIFA targ‘ib qilayotgan g‘oyalarga zid”, deydi Taremi.
G‘alenoyi esa futbol xalqlar va madaniyatlarni birlashtirishi kerakligini ta’kidlagan.
“Safar bilan bog‘liq muammolarga qaramay, Jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tishiga umid qilaman”, deydi u.
Matbuot anjumani yakunida Taremi hazil aralash jurnalistlarga hech kim futbol haqida savol bermaganini eslatgan.
“Biz Yangi Zelandiyani hurmat qilamiz va yaxshi o‘yin bo‘ladi degan umiddamiz”, deydi hujumchi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyi oxirida AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan edi. Mart oyida esa Eron sport vaziri Ahmad Donyamali milliy jamoa Jahon chempionatida ishtirok etmasligini ma’lum qilgan. Biroq FIFA va Eron futbol federatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng, 30 aprel kuni FIFA prezidenti Janni Infantino Eron mundialda ishtirok etishini tasdiqladi.
Shuningdek, Eronning Turkiyadagi elchixonasi terma jamoa delegatsiyasining ayrim a’zolari, jumladan, murabbiylar shtabi vakillariga AQSH vizasi berilmagani haqida xabar qilgan.
Eron terma jamoasi Jahon chempionatida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan birga “G” guruhidan o‘rin olgan. Eronliklar turnirdagi birinchi uchrashuvini Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazadi.
Qizig‘i shundaki, jamoa guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarni AQSHda o‘tkazsa-da, uning mashg‘ulotlar bazasi Meksikada joylashgan.
Live
Barchasi