Shols Erdo‘g‘anni turk muhojirlarining chiqarib yuborilishidan ogohlantirdi

Olam

image

Kecha, 17 noyabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan Berlinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turkiyadan Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan boshpana izlovchilarni tezroq ortga qaytarishni talab qildi. Bu haqda Berlindagi hukumat doiralariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi. 

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, kansler Germaniyada bunday xorijliklarning ko‘p sonini hisobga olgan holda, himoya maqomini olmaganlarni vataniga qaytarishning ishonchli mexanizmi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Germaniya va Turkiya rahbarlari yangi tashkil etilgan ichki ishlar bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhining jadal ish olib borayotganini olqishlagan va unga imkon qadar tezroq o‘zaro maqbul natijaga erishish bo‘yicha topshiriq bergan. 

Shuningdek, Shols qo‘shma matbuot anjumanida Germaniyaning Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasidagi migratsiya kelishuvini davom ettirishdan manfaatdor ekanini e’lon qilgan.

Ukraina, Yaqin Sharq va Kavkazdagi urushlar

Shols va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi uchrashuvda boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Ikkala siyosatchi ham Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini zudlik bilan to‘xtatishi kerak, degan fikrga kelishdi.

Isroilning HAMASga qarshi urushini muhokama qilish chog‘ida tomonlar asosiy e’tiborni gumanitar masalalarga qaratgan va mintaqada mojaro avj olishi mumkinligidan xavotir bildirgan. G‘azo sektorining ehtimoliy istiqbollari ham muhokama qilingan. Shols Germaniyaning Isroil bilan birdamlik pozitsiyasini va Berlinning HAMAS hujumini to‘liq qoralashini ma’lum qilgan. 

Erdo‘g‘an esa matbuot anjumani chog‘ida Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini yanada keskin tanqid qilgan.

Bundan tashqari, Olaf Shols va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyadan ulamolarni yuborishni bosqichma-bosqich to‘xtatish uchun Germaniyada imomlar uchun treningini tezlikda kengaytirishga kelishib olgan.

Armaniston-Ozarbayjon mojarosini muhokama qilish chog‘ida esa yetakchilar Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi chegarani ochish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqqan. Tomonlar Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik bitimi 2023 yil oxirida tuzilishi kerakligi haqida kelishib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing