Shmigal, Fyodorov, Malyuk lavozimidan ozod qilindi
Olam
−
13 yanvar 7050 2 daqiqa
Ukraina Oliy Radasi (parlamenti) bugun, 13 yanvar kuni Mudofaa vaziri Denis Shmigal, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fyodorov, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukni lavozimidan ozod etishni ma’qulladi.
Denis Shmigalni Mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqarishni yoqlab, 265 nafar parlament a’zosi ovoz bergan. Shmigal bu lavozimda 2025 yil 17 iyuldan beri ishlab kelayotgan edi.
2026 yil 3 yanvar kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Denis Shmigalga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va energetika vaziri lavozimini egallashni taklif qilgan.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fyodorovning iste’fosini 270 nafar xalq deputati qo‘llab-quvvatlagan. Fyodorov Shmigal o‘rniga Mudofaa vazirligini boshqarishi kerak. Bu lavozimni unga Prezident Zelenskiy taklif qilgan. Ertaga, 14 yanvar kuni parlament ushbu masalani ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Rada Vasiliy Malyukni ham Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari lavozimidan bo‘shatish masalasini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi. Malyuk o‘z lavozimini tark etayotganini 5 yanvar kuni e’lon qilgandi.
“Dushmanga maksimal zarar yetkazishda davom etadigan jahon darajasidagi nosimmetrik maxsus operatsiyalarni amalga oshirish uchun UXX tizimida qolaman”, degan edi u Ukraina maxsus xizmatining Telegram-kanalida e’lon qilgan bayonotida.
O‘sha kuni Ukraina Prezidentining kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Litvin jurnalistlarga Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi etib Ukraina xavfsizlik xizmatining “A” maxsus operatsiyalar markazi boshlig‘i Yevgeniy Xmara tayinlanganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi