Shimpanzelarda mantiqiy fikrlash belgilari aniqlandi
Bu qiziq
−
31 Oktabr 3009 2 daqiqa
Kaliforniya va Utrext universitetlari olimlari shimpanzelar ham odamlar kabi o‘z qarashlarini yangi ma’lumotlar asosida qayta ko‘rib chiqishga qodirligini aniqlandi. Bu esa mantiqiy fikrlashning muhim belgilaridan biri sanaladi. Bu haqdagi tadqiqot “Science” jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, tadqiqot Ugandadagi Ngamba Island Chimpanzee Sanctuary qo‘riqxonasida o‘tkazilgan. Tajriba davomida shimpanzelarga ikkita quti ko‘rsatilgan va ulardan birida oziq-ovqat bo‘lgan. Avvaliga ularga qaysi qutida taom borligini bildiruvchi ishora berilgan. Keyinroq esa boshqa, yanada ishonchliroq ishora ko‘rsatilgan bo‘lib, u boshqa qutini ko‘rsatgan.
“Shimpanzelar kuchliroq dalillar paydo bo‘lganda fikrlarini o‘zgartirgan. Bunday fikrlash moslashuvchanligi odatda to‘rt yoshli bolalarda kuzatiladi. Shimpanzelarda ham bu xususiyatni ko‘rish juda hayratlanarli edi”, deydi tadqiqotchi Emili Senford.
Olimlar bu xatti-harakatlar instinkt emas, balki mantiqiy fikrlash natijasi ekaniga ishonch hosil qilish uchun qat’iy nazorat ostidagi tajribalar va kompyuter modellashtirish usullaridan foydalangan. Tahlillar shimpanzelarning qarorlari mantiqiy fikr yuritish asosida o‘zgarishini ko‘rsatgan.
Tadqiqot natijalari “faqat insonlargina ratsional fikrlay oladi” degan an’anaviy tushunchani rad etadi. Olimlarning fikricha, primatlarning qarorini qayta ko‘rib chiqish qobiliyatini o‘rganish bolalar rivojlanishi va sun’iy intellektni o‘rganish yo‘nalishlariga yangi qarash olib kirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 oktyabr kuni ASHning Missisipi shtatida sodir bo‘lgan avtohalokat paytida Luiziana shtatidagi Tuleyn universitetidan olib ketilayotgan rezus-makaka maymunlari yuk mashinasidan chiqib, qochib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi