Shavkat Mirziyoyev Shtaynmayer bilan muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 17 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning asosiy masalalari ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Germaniya Prezidentining o‘z mamlakati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini izchil rivojlantirishga hamda o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etgan.

Ikki tomonlama muloqot jadal tus olib, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan ortib, joriy yilning o‘tgan davrida yana 5 foizga ko‘paygan. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025 yilda 2 milliard dollarga yetgan.

May oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi 10-yig‘ilishining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Tadbirlar yakunida 1 milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari to‘plami imzolangan.

Madaniy-gumanitar aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ziyod yoshlar nemis tilini o‘rganmoqda, 2 mingdan ortiq talabalar Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. O‘tgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlarining forumi bo‘lib o‘tgan.

O‘tgan hafta nemis universitetlari konsorsiumi bilan Samarqandda O‘zbekiston – Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lgan.

Davlat rahbarlari sanoat, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va logistika, tog‘-kon, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etgan.

Yetakchilar avtomobilsozlik, maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida yangi qo‘shma loyiha va dasturlar ishga tushirilayotganini olqishlagan. Toshkentda ikkinchi Universitetlar forumi hamda uchinchi O‘zbekiston – Germaniya tibbiyot forumining o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlangan.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama maydonlarda, shu jumladan, “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan.

Germaniya Federal Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berishi hamda ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing