Shavkat Mirziyoyev “Milliy kitobxonlik harakati”ga start berdi
Jamiyat
−
16:03 1005 3 daqiqa
Bugun, 22 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini ta’kidlagan. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etilgan.
Prezident o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularda bilimga mehr va rag‘bat uyg‘otishga ustuvor ahamiyat qaratib kelayotganini ta’kidlagan. 2017 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Kuni kecha “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi respublika bosqichi yakunlangan. Unda mamlakatning barcha hududlaridan kelgan 42 nafar eng bilimdon va zukko yoshlar o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etgan. Tanlovning uch nafar g‘olibi Prezident sovg‘asi – zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlandi.
Davlat rahbari g‘oliblarni, ularning ustozlari va ota-onalarini samimiy tabriklab, bunday iqtidorli, izlanuvchan va bilimga chanqoq yoshlar Yangi O‘zbekistonning haqiqiy tayanchi ekanini ta’kidlagan.
Marosimda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 2015 yilda Shayx Muhammad bin Rashid Al Mahtum tashabbusi bilan boshlangan “Arab kitobxonlik tanlovi” dasturi bugungi kunda jahondagi eng yirik ma’rifiy harakatlardan biriga aylangani qayd etilgan. Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.
O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ushbu ezgu g‘oyani milliy ma’naviy meros asosida O‘zbekistonda yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilingan.
Shu maqsadda “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi boshlanmoqda. Davlat rahbari kuni kecha ushbu dasturni davlat miqyosida faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini qayd etgan.
Endilikda har yili mazkur tadbirning final bosqichi Prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu yurt tarixida kitobxonlik bo‘yicha eng salmoqli mukofot bo‘ladi.
Mazkur harakat mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Prezident ushbu tashabbus maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirish, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
“Men ushbu dasturni shunchaki kitob o‘qish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar”, degan Prezident.
Marosimda Prezident barcha o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirgan.
Live
Barchasi