Shavkat Mirziyoyev kiberxavfsizlik bo‘yicha Turkiy alyans tuzishni taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans tuzishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 15 may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida so‘z ochdi.

“Terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Bu jarayonda kiberxavfsizlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, tezkor axborot almashish dolzarb ahamiyatga ega”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratish lozim.

“Bu borada umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti sun’iy intellektdan foydalanishda etika va axloq me’yorlariga qat’iy rioya qilish, ayniqsa, muhim ekanini ham qayd etgan. Davlat rahbariga ko‘ra, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan tashkilot tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvida bu masalalarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan birgalikda Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan masjid bilan tanishgan edi. Keyinroq, O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, yetakchilar Turkiston shahrining tarixiy-madaniy markazida bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing