Shavkat Mirziyoyev “Kelajak o‘yinlari” musobaqasining ochilish marosimida qatnashdi
Jamiyat
−
29 iyul 2151 1 daqiqa
Bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Baris Arena” muz saroyida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashgan.

Marosim ishtirokchilariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin videomurojaat yo‘llagan.

Tadbirning tantanali qismida fijital sportning mazmun-mohiyati, ya’ni raqamli bellashuvlarni an’anaviy sport turlari hamda jismoniy faollik bilan birlashtiruvchi yo‘nalishlari haqida ma’lumot berilgan. Musobaqaning g‘oyasi yoshlarni an’anaviy sport bilan shug‘ullanishga da’vat etishdir.

Davlat rahbari xalqaro turnir ishtirokchilarini qutlagan.

Bugun sport va texnologiyalar vazirlari, diplomatik missiyalar rahbarlari hamda boshqa yuqori martabali vakillar ishtirokida fijital sport bo‘yicha sammit ham bo‘lib o‘tgan.

Birinchi “Kelajak o‘yinlari” 2024 yilda Qozon shahrida o‘tkazilgan. Uning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi. Ikkinchi turnir esa 2025 yilda Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan.

Bu galgi musobaqalarda O‘zbekiston vakillari fijital futbol, lazertag va raqs yo‘nalishlari bo‘yicha bellashadi.
Live
Barchasi