Shavkat Mirziyoyev Bayram Begay bilan muzokaralar o‘tkazdi
Jamiyat
−
16 iyun 2163 2 daqiqa
Bugun, 16 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etgan.
Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rtayer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlangan.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olingan.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidlagan.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begayni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qilgan.
Live
Barchasi