Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Bugun, 24 fevral kuni Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining 2025 yil 8 iyul kuni pora bilan qo‘lga olingan hokimi Mahmud Xolbo‘tayevga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugun e’lon qilingan jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining hukmiga muvofiq, Mahmud Xolbo‘tayev (1971 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlari, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sud hukmi bilan Mahmud Xolbo‘tayevga 3 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 150 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan

Shuningdek, Sharof Rashidov tumani hokimligi qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan N.I. (erkak, 1987 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 28,210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 2 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 2025 yil 8 iyul kuni qo‘lga olingan edi. U hibsda bo‘lishiga qaramasdan hokim nomidan qarorlar chiqarilgani aniqlangan. E-qaror platformasiga shunday qarorlardan 5 tasi joylashtirilgan.

Jumladan, xalq deputatlari tuman kengashining 2025 yil 8 iyuldagi qarori bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman markaziy ko‘chasini tartibga keltirish va bayroqlar sotib olishga 42 mln so‘m, tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarning ta’mirtalab holatga kelib qolgan tom qismini ta’mirlash uchun shifer sotib olishga 70 mln so‘m ajratish belgilangan. O‘sha kungi yana bir qaror bilan esa tuman hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 150 mln so‘m ajratilgan.

Shuningdek, 2025 yil 9 iyuldagi qarorlar bilan tumanda tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 100 mln so‘m, Toqchiliq mahallasi, Otchopar massivida sun’iy qoplamali mini futbol maydonini qurish uchun 200 mln so‘m va Qulpisar mahallasidagi madaniyat bo‘limiga qarashli binoni joriy ta’mirlash uchun 400 mln so‘m, tuman hokimligi moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, ofis texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 255 mln so‘m ajratish belgilangan.

Ma’lumot uchun, Mahmud Xolbo‘tayev bundan avval – 2012 yilda aynan poraxo‘rlik ayblovi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. U 2004 yilda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani hokimi bo‘lgan. O‘sha yilda u O‘zbekiston Oliy Majlisining senatori etib tayinlangan. 

2019 yil oktyabrda Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Xolbo‘tayev mamlakat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Mahmud Xolbo'taev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing