Sergelida aholi soni 30 foiz ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
04 iyul 2315 2 daqiqa
Aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholi soni avval hisoblanganidek 181 ming nafar emas, 236 mingga yaqin ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, aholini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha dastlabki natijalar Sergeli tumanida real vaziyatni aniq ko‘rsatgan. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, xatlov natijasiga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘lgan.
Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda. Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan aniq reja va dastur bo‘lishi zarurligi ta’kidlangan.
Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun byudjetdan 173 milliard so‘m, banklar orqali 2 trillion 200 milliard so‘m resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablag‘larni samarali ishlatib, qo‘shilgan qiymatni 2-3 karra oshirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan.
Joriy yil tuman hokimlari jami 9 milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda 236 million dollar investitsiya kiritilgan. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish va investitsiya, sanoat, ish o‘rni, eksport hamda byudjet tushumi ko‘rsatkichlarini loyiha qilgan tumanning o‘ziga yoziladigan tizimni joriy etish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi kanalizatsiya bilan bog‘liq badbo‘y hid muammosini joriy yil 1 sentyabrgacha hal etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi