Senatorlar ayrim hududlarga soliq imtiyozi berish to‘g‘risdiagi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
19 noyabr 2021
4702Bugun, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonunda Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlari, tog‘li va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarda yangidan tashkil etilgan, ushbu tumanlarda (hududlarda) davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari (klasterlar bundan mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq, aylanmadan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summasini to‘lashdan 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda ozod qilinishi belgilangan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati tog‘li hududlari va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarida yangidan tashkil etilgan, ushbu hududlarda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari (bundan klasterlar mustasno) 2021 yil 10 sentyabrdan 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi ko‘zda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, imtiyozlar joriy qilinishi natijasida ushbu hududlarda 1400 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari yangidan tashkil etiladi va ular ixtiyorida 13 mlrd 400 mln so‘m mablag‘ qoldiriladi.
Bundan tashqari, 2020 yilda Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan texnogen hodisa oqibatida Sirdaryo, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham vaqtinchalik soliq imtiyozlari kiritilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyati Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan, ro‘yxati xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari 2020 yil 1 maydan 2022 yil 1 noyabrga qadar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulkka solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinmoqda.
Natijada 69 ta baliqchilik, 41 ta chorvachilik va 5 ta parrandachilik xo‘jaliklari ixtiyorida 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qolishi hisob-kitob qilingan.
Qonunda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi me’yorlar ham kiritilishi nazarda tutilgan.
Xususan, tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul mablag‘lari yoki plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qilish shakliga qarab, ular narxlarini sun’iy oshirish yoki pasaytirish holatlari hamda majburiy ravishda raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash qoidalarini ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan buzish holatlari bo‘yicha javobgarlik belgilanmoqda.
Soliq Kodeksiga shaffoflik ta’minlash maqsadida soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlar xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshirilishi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa, xolislar ishtirokida amalga oshirilishi to‘g‘risida tegishli me’yor kiritilmoqda.
Shu bilan birga, Qonunda bugungi kunda Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining ayrim hujjatlarni qabul qilish vakolati Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash lozimki, byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzi bo‘lgan korxonalarga o‘z vaqtida inkassa topshiriqnomasini taqdim etmaslik holatlari bo‘yicha jarima qo‘llash tartibi bekor qilinmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunni ma’qulladilar.
LiveBarchasi