Savdo urushi: Xitoy va AQSH Jenevada kelishuvga erishdi

Olam

image

Joriy yilning 10-11 may kunlari Xitoy va AQSH Jenevada yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazdi va mazkur muzokaralar chog‘ida tomonlar savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar uchun maxsus mexanizm yaratishga kelishib oldi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokaralarda AQSH savdo vakili Jeymison Grir, AQSH Moliya vaziri Skott Bessent, Xitoy Davlat kengashi raisining o‘rinbosari Xe Lifen hamda ikki nafar xitoylik vazir o‘rinbosarlari ishtirok etgan.

Xe Lifenga ko‘ra, tomonlar joriy yilning yanvar oyidagi Xitoy-AQSH sammitida erishilgan asosiy kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan. U Xitoy va AQSH o‘rtasida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlagan va tomonlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mohiyati o‘zaro manfaatdorlikka asoslanishini qayd etgan. 

Xe, shuningdek, turli iqtisodiy tizimlarga ega davlatlar o‘rtasida kelishmovchiliklar tabiiy ekanini, ammo bunday ziddiyatlarni bartaraf etish uchun teng huquqli muloqot asosiy vosita bo‘lishi kerakligini bildirgan. U Xitoy savdo urushini istamasligini, biroq agar AQSH uning manfaatlariga tahdid solishda davom etsa, javob choralarini ko‘rishga tayyor ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barqaror va sog‘lom savdo-iqtisodiy munosabatlar nafaqat ikki mamlakat, balki butun dunyo iqtisodiyoti uchun ham muhim.

AQSH ham muzokaralar yakunida muhim yutuqlarga erishilganini ma’lum qildi. Moliya vaziri Skott Bessentga ko‘ra, muzokaralar natijalari bugun, 12 may kuni batafsil e’lon qilinadi.

AQSH savdo vakili Jeymison Grir esa kelishuv tufayli AQSHning 1,2 trillion dollarlik savdo balansi taqchilligi sezilarli darajada kamayishini kutayotganini bildirgan. Uning aytishicha, tomonlar kutganidan tezroq kelishuvga erishgani ziddiyatlar aslida kamroq ekanidan darak beradi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa muzokaralarni “konstruktiv ruhda o‘tgan” deb baholadi. U AQSH Xitoy bozorining amerikalik kompaniyalar uchun yanada ochiqligini ta’minlashga intilayotganini, bu esa ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini ta’kidladi.

Qayd etish joiz, savdo urushi doirasida AQSH Xitoy mahsulotlariga bojlar joriy qilgan, Xitoy esa bunga javoban AQSH mahsulotlariga bojlarni oshirgan edi. Bu o‘zaro keskinlikning kuchayishiga olib kelgan. Xitoy esa o‘z manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini bildirgan va savdo urushida hech kim g‘olib chiqmasligini eslatgandi. Keyinroq esa Xitoy AQSH bilan import bojlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Oq uy import bojlari bo‘yicha yangi tizim joriy qilgan edi. Barcha import qilinadigan mahsulotlar uchun asosiy boj stavkasi 10 foiz etib belgilangan, ammo ayrim davlatlar uchun bu stavkalar ancha yuqori: Xitoy uchun 34 foiz, Vetnam uchun 46 foiz, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foiz.

Keyinroq AQSH Prezidenti Xitoy mahsulotlariga nisbatan bojlarni 125 foizgacha oshirishini e’lon qildi. Bunga javoban Pekin AQSHdan olib kiriladigan mahsulotlarga 84 foizlik boj joriy etdi va ular kuchga kirdi.

Shundan so‘ng, Donald Tramp taxminan 60 mamlakatdan import bo‘yicha boj stavkalarini 90 kunga kechiktirishga qaror qildi. Bu davrda 10 foizlik umumiy bojlar va ilgari kiritilgan 25 foizlik avtomobil, po‘lat va alyuminiy importi bo‘yicha bojlar amalda qoladi. Biroq 10 aprel kuni AQSH Xitoy mahsulotlariga bojlari darajasini 145 foizga ko‘tardi.

Xitoy bungacha AQSH bilan tarif kelishuvi tuzishga rozi bo‘lgan va Xitoy manfaatlariga zid harakat qilgan mamlakatlarga nisbatan qarshi choralar ko‘rishini ogohlantirgan. Xitoy Savdo vazirligiga ko‘ra, Pekin bunday kelishuvlarni qabul qilmaydi va tegishli javob choralari ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy boj Savdo urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing