Sardor Umurzoqov Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan ko‘rishib, kelishib oldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyor. Bu haqda Kobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z borgan. 

Avval xabar berganimizdek, kecha, 23 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov raisligidagi delegatsiya Qobulga bordi. Vazir Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbarining o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar bilan kengaytirilgan yig‘ilishda ishtirok etdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar investitsiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zbek-afg‘on hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashganlar.

Afg‘on tomoni mamlakatda xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tiklash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot bergan.

Qayd etilishicha, "Termiz - Mozori-Sharif - Kobul - Peshavor" trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.

“Muloqot chog‘ida O‘zbekiston kompaniyalarini infratuzilmani qurish va tiklash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tabiiy resurslarni qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Yaqin kelajakda o‘zbek – afg‘on savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.

Shuningdek, tomonlar yaqin orada o‘zaro savdo hajmini oshirish va ikki davlat hududlari orqali tranzitni ko‘paytirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari alohida yo‘nalishlar kesimida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish maqsadida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar”, deyiladi Investitsiyalar va tashqi saydo vazirligi tarqatgan xabarda. 

Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish ustuvorligi ta’kidlangan va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi tadbirlar belgilab olingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sardor Umurzoqov Qobulda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan uchrashgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov Mulla Abdul G'ani Barodar

Baholaganlar

393

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing