Sanksiya ostida qolgan Matviyenko Jenevada nutq so‘zladi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga harbiy tajovuzi tufayli G‘arb davlatlarining sanksiyalari ostida qolgan Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Shveysariyada bo‘lib o‘tgan parlament spikerlarining Butunjahon konferensiyasi tadbirlari doirasida parlament raislari – ayollar sammitida nutq so‘zladi. Kecha, 28 iyul kuni Jenevada minbarda u Rossiya hukumatining Ukrainaga qarshi boshlagan urush haqidagi rasmiy pozitsiyasini taqdim etdi.

Matviyenko Kiyev hukumatini “Donbassning tinch hududlarini o‘qqa tutganlikda” va tinch aholini o‘ldirishda aybladi. Federatsiya Kengashi spikeri Rossiya go‘yoki “qon to‘kilishini to‘xtatish uchun aralashishga” majbur bo‘lganini aytdi.

U, shuningdek, boshqa mamlakatlarni “axborot urushi” va “Rossiyaga qarshi ritorika”da ayblab, sanksiyalarni olib tashlash va “tinchlik himoyasi uchun ovoz berish”ga chaqirdi. Matviyenko, shuningdek, BMTning boshqa davlatlari rahbarlarini Donbassga kelishga va “Farishtalar xiyoboniga” tashrif buyurishga taklif qildi.

Rossiya davlat axborot agentligi TASSning yozishicha, Rossiya delegatsiyasi 28-30 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoq tadbirlarida ishtirok etish uchun 27 iyul kuni Jenevaga borgan. Delegatsiya tarkibiga Federatsiya Kengashi raisining o‘rinbosari Konstantin Kosachev, Federatsiya Kengashining Fan, ta’lim va madaniyat qo‘mitasi raisi Liliya Gumerova, Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Andrey Denisov, Davlat Dumasi raisining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy va Xalqaro ishlar bo‘yicha Davlat Dumasi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Leonid Slutskiy ham kiradi.

Shveysariya ommaviy axborot vositalari iyul oyi o‘rtalarida Matviyenko va yana 12 nafar rossiyalik parlamentariyning iyul oyi oxirida Jenevada bo‘lib o‘tgan parlamentlararo ittifoq tadbirlari delegatsiyasi tarkibiga kirganiga e’tibor qaratgan edi. Ular delegatsiyaning ayrim a’zolari Shveysariya va Yevropa Ittifoqining sanksiya ro‘yxatida ekani, shuning uchun ularning kirishi uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinishini ta’kidladi.

“Blick” gazetasining so‘roviga javoban, Tashqi ishlar vazirligi Shveysariya xalqaro tashkilotlarning tadbirlarida ishtirok etish uchun rasmiy delegatlarning kirishiga yordam berishi kerakligini tushuntirdi. Bildirilishicha, zarur bo‘lganda, bunday konferensiyalar davomida sanksiyalar to‘xtatilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shveytsariya Valentina Matvienko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing