Sankt Peterburg gubernatori Xayrullo Ibodullayevni mukofotladi (video)
Jamiyat
−
09:03 11498 1 daqiqa
Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov Petrozavodskaya ko‘chasidagi uydan derazadan yiqilib tushgan bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik erkak Xayrullo Ibodullayevni mukofotladi. Bu haqda 24 fevral kuni shahar ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.
Ibodullayev “Qutqaruvdagi jasorat uchun” ko‘krak nishoni hamda gubernatorning esdalik soati bilan taqdirlangan.
“Qilgan ishingiz uchun sizga minnatdorlik bildirmoqchiman – bu haqiqiy mardlikdir. Siz o‘zingizni o‘ylamadingiz. O‘zingiz jarohat oldingiz, ammo yetti yoshli bolaning hayotini saqlab qoldingiz. Butun shahrimiz sizga katta rahmat aytmoqda. Bunday ezgulik hech qachon unutilmaydi. Oilangiz siz bilan faxrlanadi”, degan gubernator.
Hodisa 22 fevral kuni Sankt-Peterburgning Petrozavodskaya ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bola ochiq deraza yonida o‘ynab turgan va keyin sirg‘anib ketib, karnizga osilib qolgan. Uni hovli supuruvchisi payqab qolgan. Bola qo‘lida kuchi qolmay, ushlab tura olmay qo‘ygan paytda Ibodullayev uni qo‘llari bilan tutib qolgan. Hozirda bola og‘ir, ammo barqaror holatda jonlantirish bo‘limida.
Erkakning bu jasorati O‘zbekistonda ham e’tirof etilgan: Shavkat Mirziyoyev uni “Jasorat” medali bilan taqdirlagan. Shuningdek, Ibodullayev bir million rubl miqdoridagi pul mukofoti bilan Tigran Keosayan nomidagi mukofot laureati bo‘ldi. U olingan pullarni O‘zbekistondagi qizlari va betob otasiga yuborgan.
Live
Barchasi