Samarqanddagi 13 ta ko‘cha piyodalar hududiga aylantiriladi
Jamiyat
−
15:53 1420 2 daqiqa
Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obektlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yil boshidan mamlakatga kelgan xorijiy turistlar soni 27,3 foizga oshib, 5,4 million nafarga yetgan. O‘zbekiston xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga, turizm eksportini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olgan. Buning uchun hududlarda turistlarni uzoqroq ushlab qoladigan yangi yo‘nalishlar va servis obektlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlangan.
Shu maqsadda Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obektlarini barpo etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan.
Shuningdek, “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi hududini kengaytirish taklif qilingan. Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi qarshisidan oqib o‘tuvchi “Shaar” kollektori atrofini obodonlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Mazkur choralar natijasida Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga, nomer fondini 20 ming o‘ringa, turizm xizmatlari hajmini 750 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etib, 2 ,4 mlrd dollarlik loyihalarga start bergandi.
Live
Barchasi