Samarqandda Gentra bilan drift qilgan “VOR”lar ushlandi (video)
3-sahifa
−
18 aprel 5361 2 daqiqa
Samarqandda Gentra’ga yasama raqam taqib, ko‘chada drift qilgan yigitlar ushlandi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 aprel kuni tungi soat 2:00 larda haydovchi 01 666 VOR yasama raqamini taqib, Gentra’da o‘rtoqlari bilan Samarqand shahar Universitet xiyoboni ko‘chasi bo‘ylab qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan. Shuningdek, ular harakat davomida 4 marta “qizil”dan o‘tib ketgan. Mashinada bo‘lgan yo‘lovchilardan biri esa yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan xizmatda foydalaniladigan tayoqcha bilan tanasini mashina lyukidan chiqargan. Ular qilgan ishini qo‘l telefonida videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.
“Soat 2:00 da uydan chiqdim. Yasama davlat raqamini Instagram’dan 450 mingga “zakaz” qildik. Biz to‘rt kishi bo‘lib ketdik. Jo‘ram “bulvarga hayda, zo‘r ish qilamiz, prosmotr yig‘adi, Instagram’ga qo‘yamiz”, dedi. Qarama-qarshi yo‘lda harakatlanib, mashinalar ustiga haydadik. Jo‘ramga lyukni ochib berdim, u “jezl”ni olib, mashinaning ustidan o‘ynatdi, to‘rtta qizil chiroqdan o‘tib ketdik, men “ruchnik”ni tortib, avtoulovni drift holatiga keltirdim. Bir kun o‘tdi. Jo‘ramning telefonidan videolarni o‘zimga yuklab oldim, keyin Instagram kanal ochib, joylay boshladim”, deydi yigitlardan biri.
Bildirilishicha, ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasining (yo‘l bezoriligi) 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida soxta davlat raqam belgilarini yasab, haydovchilarga sotayotgan shaxslar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi