Samarqandda erkak qo‘lida bomba borligini aytib, bankni to‘namoqchi bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
15 iyul 5671 1 daqiqa
Samarqandda banklardan biriga bostirib kirib, o‘zida portlovchi modda borligini aytgan holda pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 13 iyul kuni soat 17:00 atrofida Samarqand viloyati Qo‘riqlash xizmati boshqaruv markaziga Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan banklardan birida xavfli vaziyat yuzaga kelgani haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga yetib borgan tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari qishki kiyim kiygan, yuzini niqob bilan yashirgan va qora sumka ko‘targan shaxs bank ichida oynalarni sindirib, o‘zida portlovchi modda borligini ta’kidlagan holda pul talab qilayotganini aniqlagan.
Shundan so‘ng voqea joyiga qo‘shimcha tezkor guruhlar, ichki ishlar organlari hamda tez tibbiy yordam xodimlari jalb etilgan. Qo‘riqlash xizmati xodimlari gumonlanuvchi bilan muzokaralar olib borgan.
Ma’lum qilinishicha, muzokaralardan so‘ng tartibbuzar o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan va ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan. Hodisa vaqtida bank xodimlari va mijozlarga hech qanday zarar yetmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi pulni oson yo‘l bilan qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Live
Barchasi