Saida Mirziyoyeva Trampning shaxsiy qarorgohida mehmon bo‘ldi
Jamiyat
−
09:28 9293 2 daqiqa
Bugun, 6 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan AQSHning Florida shtatidagi Prezident Donald Trampning Mar-a-Lago qarorgohida ushrashdi.
Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda Vashingtonda ikki davlat o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
“AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan Mar-a-Lagoda uchrashganimdan mamnunman. Samimiy mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bo‘lib o‘tgan mazmunli va konstruktiv muloqotni yuksak qadrlayman hamda yaqin kunlarda Vashingtonda samarali uchrashuvlar o‘tkazilishiga umid qilaman”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 6-7 noyabr kunlari AQSHga borgan edi. O‘zbekiston yetakchisi Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining S5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi. Shundan so‘ng Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash faoliyatini O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshqarib boradi. Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi marta 7 fevral kuni Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan uchrashgandi. Serjio Gor Saida Mirziyoyeva bilan uchrashuvda, boshqa ko‘plab mavzular qatorida ikki davlat o‘rtasida tijorat diplomatiyasini kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Live
Barchasi