Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi rahbari bo‘ldi, Allamjonov esa unga maslahatchi
Tahlil
−
24 iyun 13180 5 daqiqa
23 iyun kuni bundan qariyb ikki yil oldin tugatilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimi qayta tashkil etildi va unga Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tayinlandi.
O‘tgan yil Prezident Administratsiyasini ikkinchi marta tark etganidan so‘ng suiqasdga uchragan Komil Allamjonov esa uchinchi bor Administratsiyaga qaytdi va Saida Mirziyoyevaning jamoatchilik asosidagi mustaqil maslahatchisi bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston rahbariyatidagi shu tayinlovlar haqida gaplashamiz.
Administratsiyaga kimlar rahbar bo‘lgan?
Prezident Administratsiyasi Shavkat Mirziyoyev Farmoniga muvofiq 2018 yilning 26 avgustida Prezident faoliyatini axborot-tahliliy va tashkiliy-nazorat jihatdan ta’minlovchi davlat organi sifatida tashkil etilgan. O‘shanda Prezident devoni Prezident Administratsiyasi sifatida qaytadan tashkil qilingan.
Administratsiyaning ilk rahbari etib Zaynilobiddin Nizomiddinov tayinlangan. U muqaddam Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lgan paytda O‘zbekiston bosh vaziri kotibiyati mudiri lavozimida ishlagan. Nizomiddinov administratsiyani qanday boshqargani haqida fikrlar aytarli yo‘q. Kimdir borligi bilinmagan desa, kimdir qattiqqo‘l rahbar bo‘lgan deydi. Zaynilobiddin Nizomiddinov 2022 yilning 8 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga muvofiq Prezident Administratsiyasi raisi lavozimidan ozod etilgan. O‘shanda u salomatligi tufayli lavozimdan ozod etilgani aytilgandi.
Shundan so‘ng, Nizomiddinov O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Qizig‘i, bungacha tashkilotda bunday lavozim bo‘lmagan. Bu lavozimga o‘tirganidan keyin u OAVda ko‘rinish bermadi. 2022 yilning iyulida lavozimdan olingan Nizomiddinov oradan deyarli uch yil o‘tib, 2025 yilning aprelida Toshkent viloyati Bekobod tumaniga hokim bo‘ldi.
Prezident Administratsiyasining ikkinchi rahbari o‘zining hokimlar ishtirokida o‘tkazgan qattiqqo‘l majlislari bilan ko‘pchilikka tanish Sardor Umurzoqov edi. U bu lavozimga 2022 yilning 16 iyulida Nizomiddinovning o‘rnini to‘ldirishga kelgandi. Umurzoqov lavozimdaligi paytida o‘z ishini yaxshi qilayotgan rahbar sifatida ko‘p bora tilga olingan. Ammo u bir yil o‘tib vazifasidan ozod etildi. Umurzoqovning nima uchun Administratsiya rahbarligidan chetlatilgani sabablari ochiqlanmadi, ammo uning ketishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi ham tugatildi.
Shuningdek, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Administratsiya tuzilmasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Administratsiya rahbari lavozimiga mos ravishda uning hududlardagi yordamchilari lavozimlari, Administratsiya rahbarining hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari va ushbu kotibiyatlar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi ham tugatildi. Umurzoqov esa Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangani aytildi.
Va nihoyat ikki yilga yaqin tanaffusdan so‘ng, Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi yana tashkil etilib, unga navbatdagi rahbar – 2023 yil avgustidan buyon prezident yordamchisi lavozimida ishlab kelayotgan Saida Mirziyoyeva tayinlandi.
1984 yilda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan Saida Mirziyoyeva Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti magistri, iqtisodiyot fanlari nomzodi hisoblanadi.
U 2019-2020 yillarda Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2020-2022 yillarda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.
Shuningdek, u 2019 yildan buyon Gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi hisoblanadi. 2022 yil noyabrida Prezident Administratsiyasi ijro etuvchi apparati kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri etib tayinlangan.
Saida Mirziyoyeva 2023 yil avgustida prezident yordamchisi etib tayinlangan edi. Bu tayinlov Prezident Administratsiyasida rahbar lavozimi tugatilishi bilan bir vaqtda ro‘y bergan.
Allamjonov yana siyosatda
O‘z faoliyatini televideniyedan boshlab, Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimigacha borgan Komil Allamjonov bir muddat tanaffusdan so‘ng yana Administratsiyaga qaytmoqda. U rahbarlikka kelgan Saida Mirziyoyevaning jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi etib tayinlandi.
Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.
2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘ldi. 2022 yil iyulda esa Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va 2024 yil sentyabrgacha shu lavozimda qoldi.
Xabaringiz bor, o‘tgan 2024 yilning kech kuzida media va siyosat olamida nom qozongan Allamjonov muhokamalar markazida qoldi. Gap shundaki, Administratsiyaning sobiq mulozimiga suiqasd uyushtirildi. Bu o‘zbek siyosat olamida tez-tez takrorlanadigan holat emas edi, balki shuning uchunmi voqea juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Qolaversa, yaqindagina lavozimdan ozod etilgan va o‘z faoliyatini endi xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qilgan sobiq mulozim hayotiga suiqasd kimga kerak, degan savollar urchidi. Ammo shunday bo‘lgandi.
2024 yilning 26 oktyabr kuni soat 01:40 larda Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, ichida Allamjonov bo‘lgan Range Rover rusumli avtomashinaga 2 nafar noma’lum shaxslar bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan. Shundan so‘ng, suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxsga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
2025 yilning 12 fevral kunida e’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Prezident xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Shuhrat Rasulovga 23 yil, Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, sobiq IIB xodimi Doniyor Toshxo‘jayevga 7 yil, Shohrux Ahmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berilgan. Ularning shaxsi esa ochiqlanmagan. Mazkur voqealarning, qamalganlarning barchasi haqida Komil Allamjonov o‘z munosabatini bildirishni ham unutmadi. Uning yozishicha, “Haqiqat ikki bukilsa ham sinmagan”.
Shunday qilib, faoliyatini endi xususiy sektorda davom ettirishini aytgan Allamjonov o‘ziga qilingan suiqasddan so‘ng fikrini o‘zgartirib qoldi chog‘i, yana siyosatda, yana Mirziyoyeva yonida, bo‘lib ham Prezident Administratsiyasi rahbari maslahatchisi sifatida paydo bo‘ldi.
Qisqa qilib aytganda, Allamjonov uchinchi bor Prezident Administratsiyasidagi muhim lavozimlardan biriga tayinlandi. Uning endigi vazifasi – innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, so‘z erkinligini ta’minlash va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash sohalarida ekspertlik yordamini ko‘rsatish.
Live
Barchasi