Saida Mirziyoyeva AQSH Savdo vazirining o‘rinbosari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSH Savdo vaziri o‘rinbosari Devid Fogel bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, savdo, investitsiyalar hamda sheriklikning yangi yo‘nalishlari xususida fikr almashgan.

“Hozirda Amerika biznes doiralari mamlakatimizdagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarga tobora katta qiziqish bildirmoqda. Ushbu e’tibor yaqin istiqbolda aniq kelishuvlar, yangi ish o‘rinlari va iqtisodiyot uchun keng imkoniyatlarga aylanishi juda muhim”, deyiladi xabarda.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli muloqotni va amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashib kelayotgan Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi faoliyati alohida ko‘rib chiqilgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 6 aprel kuni AQSHning Vashington shahrida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – qo‘shma biznes tashabbuslari uchun mustahkam institutsional asos yaratish. Unda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor hamda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov ishtirok etgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida qo‘shma investitsiya platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani haqida aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing