Rubio Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar qayta boshlanishini e’lon qildi

Olam

image

AQSH yaqin haftalarda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar jarayonini qayta tiklashga harakat qilish niyatida. Bu haqda Davlat kotibi Marko Rubio “Fox News” efirida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni tomonlarning muzokaralar stoliga qaytish imkoniyatini aniqlash uchun diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga, u kelishuvga erishishga nizoning har ikki tomonida saqlanib qolayotgan qat’iy “qizil chiziqlar” xalaqit berayotganini bildirgan.

“Biz, shuningdek, ikkala tomonning ham yetarlicha aniq qizil chiziqlari borligini tushunamiz va ushbu qizil chiziqlarni biroz yaqinlashtirishga erishmagunimizcha, ko‘zlangan natijaga erisha olmaymiz. Ammo biz bunga tayyormiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina yetakchilari Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiy nizoni yakunlash bo‘yicha bitim tuzishni xohlashlarini, biroq bu ikkala tomondan ham yon berishlarni talab qilishini aytgan edi. Iyul boshida u, shuningdek, Rossiya va Ukraina tinchlikni xohlayotgani va tez orada “nimadir amalga oshishini” ta’kidlagan edi.

Kreml Ukraina bilan muzokaralarda tanafsus yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar jarayonini davom ettirish bo‘yicha hozircha hech qanday kelishuvlar yo‘q. AQSH Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan band, ammo Rossiyaga Ukrainadagi nizoni hal qilishda vositachilikni davom ettirish niyatida ekani haqida signallar yubormoqda.

Rossiya rasmiylari Ukraina va Yevropa bilan muzokaralar uchun ochiq ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Iyun oyida Putin Stambuldagi muzokaralarda Rossiya va Ukraina o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni keyingi muloqot uchun asos deb atagan edi.

O‘shanda Zelenskiy o‘z saytida Putinga ochiq xat e’lon qilib, unda nizoni yakunlash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama muloqotni boshlashni taklif qilgan va Rossiya hamda Ukraina yetakchilari xolis maydonda muzokaralar o‘tkazishi mumkinligi haqida fikr bildirgan edi. Rossiya Prezidenti xatda “qo‘pollik elementlari” borligini va u muzokaralar uchun sharoit yaratishga qaratilmaganini aytgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing