Rossiyaning Ukrainadagi tasdiqlangan yo‘qotishlari qariyb 100 mingga yetdi
Olam
−
21 fevral 4268 3 daqiqa
2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangandan beri halok bo‘lgan rossiyalik askar va zobitlarning tasdiqlangan soni 95 026 kishiga yetdi. Faqatgina so‘nggi bir oy ichida – 24 yanvardan 21 fevralgacha – bu ro‘yxat 5007 nafar harbiy bilan to‘ldirildi. Bu haqda hisob-kitoblarga tayanib, BBC rus xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning yirik toifalaridan biri – urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri koloniyalardan jo‘natilgan mahbuslar. Jami 16 171 nafar sobiq mahbusning o‘limi tasdiqlangan. Ammo BBC jurnalistlari ko‘rib chiqqan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi hujjatlariga ko‘ra, mahbuslar Rossiya armiyasining urush davomida ko‘rgan haqiqiy yo‘qotishlarining uchdan bir qismini tashkil qilishi mumkin.
Bundan tashqari, jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR (Donetsk va Lugansk) qurolli tuzilmalarida so‘nggi uch yil ichida 21 mingdan 23,5 minggacha odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ularning aksariyati majburan safarbar qilinib, frontga minimal tayyorgarlik bilan jo‘natilgan. Ushbu yo‘qotishlarning ko‘pi urushning birinchi yilida kuzatilgan bo‘lib, bu Rossiyaning rasmiy harbiy bo‘linmalarining aynan shu davrdagi yo‘qotishlari bilan (25 769 kishi) teng.
BBC tahliliga ko‘ra, Rossiya tarafida urushda halok bo‘lgan har 10 kishidan 3 nafari mahbus, yana 2 nafari esa DXR va LXR aholisi bo‘lgan. Bu ikki toifa Rossiya jamiyatining faol qismi bo‘lmagan.
Shu bilan birga, Rossiya armiyasining urushdagi real yo‘qotishlari tasdiqlangan ma’lumotlardan ancha yuqori bo‘lish ehtimoli bor. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, u 146 194 dan 211 169 kishigacha bo‘lishi mumkin. DXR va LXR yo‘qotishlari ham qo‘shilganda, Rossiya tomonidan halok bo‘lganlarning umumiy soni 167 194 dan 234 669 kishigacha yetishi mumkin.
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning noyabr oyiga kelib Rossiyaning umumiy yo‘qotishlari 615 ming kishiga yetgan: 115 ming kishi halok bo‘lgan, 500 ming kishi yaralangan. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Rossiyaning umumiy yo‘qotishlarini 610 ming kishi deb baholagan: ulardan 200 ming nafari o‘lgan, 400 ming nafari esa yaralangan. “The Economist” nashrining ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar Rossiyaning 1945 yildan keyingi barcha harbiy mojarolardagi yo‘qotishlaridan yuqori.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) tomonidan tayyorlangan yillik “Military Balance” hisobotida 2024 yil oxiriga kelib, 376 ming rossiyalik Ukraina frontida og‘ir jarohatlar olib, nogiron bo‘lib qolgani xabar qilingandi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda (hozircha keyingi statistika e’lon qilinmagan) Rossiyada nogironlar soni 108 ming kishiga ko‘paygan – bu 2005 yildan beri rekord daraja. Nogironlik pensiyasini oluvchilar soni ham deyarli shuncha ortgan. Bu 1990 yillarning oxiridan beri eng yuqori o‘sish. O‘sha davrda Checheniston urushi faxriylari ommaviy ravishda statistika bazasiga kiritilgan. 2023 yil oxiriga kelib, reabilitatsiya texnik vositalariga muhtoj bo‘lgan nogironlar soni so‘nggi 11 yildagi eng yuqori darajaga yetib, 468 ming kishini tashkil etgan. Urush boshlanganidan beri ularning soni 42 foizga oshgan.
Live
Barchasi