Rossiyaning Kiyevga hujumida 11 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
01 avgust 2025 3270 2 daqiqa
Kecha, 31 iyul kuni Kiyevda sodir bo‘lgan keng ko‘lamli va qo‘shma hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida bir bola ham bor. Bu haqda Kiyev shahar harbiy ma’muriyatining matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 31 iyul kuni tungi soatlarda Rossiya armiyasi Kiyevga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Hujumda bir vaqtning o‘zida raketalar va dron-kamikadzelar qo‘llanildi. Eng ko‘p zarar Svyatoshinskiy, Solomyanskiy, Goloseyevskiy va Shevchenko tumanlariga yetgan.
“2025 yil 31 iyul kuni Kiyevga qilingan Rossiyaning qo‘shma hujumi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, shulardan biri bola”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, hujum oqibatida 135 kishi jarohatlangan.
Svyatoshinskiy tumanida raketa ko‘p qavatli uyga urilib, kirish yo‘lagini to‘liq vayron qilgan. Ayni vaqtda qutqaruvchilar vayronalar ostida tirik qolganlarni izlashda davom etmoqda. Hodisa joyida tibbiyot xodimlari, qutqaruvchilar va favqulodda xizmatlar ish olib bormoqda.
Hujum oqibatida 100 dan ortiq ob’ekt, uylar, maktablar, shifoxonalar, bog‘chalar va oliy ta’lim muassasalari zarar ko‘rgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kuchlari hujum vaqtida 300 dan ortiq dron va kamida 8 ta raketa uchirgan. Havo mudofaa kuchlarining faol harakatlariga qaramay, bir qancha raketa va dronlar nishonga yetgan va katta vayronagarchilik keltirgan.
Bildirilishicha, qutqaruv ishlari hali ham davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari Ukrainaning Kiyev shahriga raketa va dronlar bilan hujum uyushtirgandi. Hodisa oqibatida ko‘p qavatli uy qulab tushgan va olti nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.
Live
Barchasi