Rossiyalik xakerlar Fransiyadagi yo‘lovchi paromga hujum qildi – OAV
Olam
−
19 dekabr 1486 2 daqiqa
Rossiya maxsus xizmatlari dunyodagi eng yirik konteyner tashish kompaniyasiga tegishli bo‘lgan kemaga kiberhujum uyushtirgan bo‘lishi mumkin. Ushbu hujum Fransiyaning janubidagi Set portidan parom jo‘nab ketishini bir kunga kechiktirgan. So‘nggi ikki oy ichida kemada bort kompyuteriga ulangan qurilma ikkinchi bor aniqlangan. Bu haqda masaladan xabardor manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, MSC – Mediterranean Shipping Company’ga qarashli Grandi Navi Veloci kompaniyasining paromi bilan bog‘liq hodisani Fransiya va Italiya rasmiylari tergov qilmoqda. Ularning bahosiga ko‘ra, tizimni buzib kirishga urinish ortida Rossiya harbiy razvedkasi turibdi. Bu xulosa kiberkriminalistik ekspertiza natijalariga, shuningdek xakerlar tomonidan qo‘llanilgan vositalar, usullar va protseduralarning AQSH maxsus xizmatlari, jumladan FQB va AQSH Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi hisobotlarida tasvirlangan faoliyat bilan mos kelishiga asoslangan. Rossiya harbiy razvedkasi Bosh shtabi tarkibidagi 29155-harbiy qism xakerlari bunday operatsiyalarni avval ham amalga oshirgan.
Yo‘lovchi parom joriy yilning 13 dekabr kuni Jazoirga yo‘l olishi kerak bo‘lgan, biroq Fransiya rasmiylari uning operatsion tizimi buzilmaganiga ishonch hosil qilishi uchun safar kechiktirilgan. Kema 14 dekabr kuni ertalab portni tark etgan.
Xakerlar paromning ofis kompyuter tarmog‘iga kirishga uringan, bu ularga o‘zlarini qonuniy foydalanuvchilar sifatida ko‘rsatish imkonini bergan bo‘lardi. “Bloomberg” manbalarining aytishicha, ular operatsion tizimlarga kira olmagan, bunga bu tizimlarning ofis tarmog‘idan alohida ajratilgani sabab bo‘lgan.
Fransiyaning “Le Parisien” nashrining xabar berishicha, paromda bort kompyuteriga ulangan va uyali modem orqali internet bilan ta’minlangan Raspberry mini-kompyuteri topilgan, bu xakerlarga masofadan turib kirish imkonini bergan. Shunga o‘xshash holat noyabr oyida ham ayni shu paromda sodir bo‘lgan – o‘shanda ham cheklangan hududda bort kompyuteriga ulangan Raspberry qurilmasi aniqlangan. Xavfsizlik signalizatsiyasi ishga tushgach, qurilma olib tashlangan va kriminalistik tekshiruvga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, dunyodagi eng yirik konteyner flotini boshqaruvchi MSC Yevropa, Osiyo va AQSHni bog‘lovchi xalqaro savdo bozorining asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. “Bloomberg”ning yozishicha, shu sababli uning paromiga qilinadigan kiberhujumlar global xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi. Xakerlar harakatlari ta’minot zanjirlariga putur yetkazishi, muhim infratuzilmaga xavf tug‘dirishi va maxfiy harbiy hamda tijoriy ma’lumotlarning oshkor bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya rasmiylari Rossiya mamlakatning muhim infratuzilmasiga qarshi gibrid hujumlarni kuchaytirganini ma’lum qilib, buning oqibatida Rossiyani yangi choralar, jumladan, rossiyalik fuqarolarga kirish taqiqi va ularning aktivlarini muzlatish kabi sanksiyalar kutayotganini bildirgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr