Rossiyalik generalni o‘ldirishda gumonlangan o‘zbekistonlik umrbod qamaldi
Olam
−
21 yanvar 14895 3 daqiqa
Rossiyaning 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi sudyalari hay’ati general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘lgan teraktni sodir etganlikda ayblangan Ahmad Qurbonovga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Shuningdek, unga 1 mln rubl miqdorida jarima belgilandi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, portlovchi moddani yetkazib bergan Ozarbayjon fuqarosi Robert Safaryan 25 yilga qat’iy tartibli koloniyaga hukm qilingan, shundan dastlabki 9 yilini qamoqxonada o‘taydi. Qurbonovga turarjoy ijaraga bergan Ingushetiya fuqarolari Batuhan Tochiyev va Ramazon Padiyevga mos ravishda 22 yil (dastlabki 8 yili qamoqxonada) va 18 yil (dastlabki 6 yili qamoqxonada) ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shuningdek 200 ming rubl miqdorida jarima tayinlangan.
Ayblanuvchilarga ish doirasida o‘z rollariga qarab terrorchilik hamjamiyatini tashkil etish va unda ishtirok etish, teraktni tayyorlash, shuningdek portlovchi moddalarni noqonuniy aylantirish va portlovchi qurilma yasash ayblovlari qo‘yilgan. Sud munozaralari chog‘ida prokuror Nadejda Tixonova Qurbonovni umrbod qamoq jazosiga, Safaryanni 28 yilga, Tochiyevni 26 yilga, Padiyevni esa 24 yilga qat’iy tartibli koloniyaga hukm qilishni so‘ragan.
Nashrga ko‘ra, Qurbonov aybini tan olib, tergov bilan faol hamkorlik qilgan. Boshqa ayblanuvchilar esa Qurbonovning terrorchilik faoliyatiga aloqadorligini bilmaganini ma’lum qilgan. Tochiyev va Padiyev sudda faqat kvartirani ijaraga berish bilan shug‘ullanganini aytgan, Safaryan esa u yetkazgan pochtada nima borligidan bexabar bo‘lganini bildirgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 2024 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi Qurbonov Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) topshirig‘iga binoan general Kirillov yashagan uyning kirish qismiga rulida masofadan boshqariladigan bomba o‘rnatilgan elektro-samokatni qoldirgan. Shundan so‘ng terakt ijrochisi ijaraga olingan avtomobilga o‘tirib, bo‘layotgan voqealarni Ukrainaga jonli efirda uzatgan. General Igor Kirillov va uning yordamchisi mayor Ilya Polikarpov uyidan chiqqan paytda portlash sodir bo‘lib, ikki zobit ham halok bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, harbiy xizmatchilarni portlatib o‘ldirgani uchun Qurbonovga 100 ming dollar, yangi hujjatlar va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida yashash uchun ruxsatnoma va’da qilingan. Biroq u bu mukofotni olmagan,, chunki portlashdan bir necha soat o‘tib qo‘lga olingan. Shundan so‘ng Vladimir shahrida Safaryan ham qo‘lga olingan. Tergov iddaosiga ko‘ra, u Polshadan olib kelingan bombani Qurbonovga topshirgan. Dastlab unga faqat portlovchi moddalarni noqonuniy aylantirish aybi qo‘yilgan, biroq Moskvaga olib kelingach, teraktda ishtirok etganlik bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgan. Keyinroq, 2025 yil yanvarida Batuhan Tochiyev va Ramazon Padiyev ham hibsga olingan. Ish materiallariga ko‘ra, ular Qurbonovni portlashdan keyin yashirinishi uchun kvartira bilan ta’minlagan.
Rossiya tergovi ma’lumotlariga ko‘ra, UXX terakt tayyorgarligini USDT steyblkoinlari (muayyan valyuta kursiga bog‘langan kriptoaktivlar) orqali moliyalashtirgan. Dastlabki bosqichda Qurbonov 5 ming USDT olgan. 2024 yilda bu 404,8 ming rublga teng bo‘lgan.
Tergovning aniqlashicha, rus tilini deyarli bilmaydigan O‘zbekiston fuqarosi avval Toshkentdan Baku shahriga, keyin Ostona orqali Moskvaga yo‘l olgan. Poytaxtda u kriptovalyuta orqali yana 431 ming rubl olgan. Umuman olganda, Tergov qo‘mitasi hisob-kitobiga ko‘ra, teraktni tashkil etishga taxminan 842 ming rubl sarflangan. 27 ta kvartira va 13 ta avtomobil egalariga yetkazilgan moddiy zarar 3,3 mln rublga baholangan.
2-G‘arbiy harbiy suddagi sud jarayoni o‘tgan yilning 5 noyabrida boshlangan va yopiq tartibda o‘tkazilgan. Jarayon yopilishidan avval sud raisi Ichki ishlar vazirligidan kelgan xabarni o‘qib eshittirgan. Unda dastlabki tergov bosqichida “jinoyatni oqlashga qaratilgan provokatsion harakatlar muntazam sodir etilgani” qayd etilgan. Shuningdek, vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, “maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishiga qarshi bo‘lgan shaxslar” sud majlislarida qatnashib, ularni “UXX nazoratidagi mediaresurslarda” yoritishni rejalashtirgan. Shu sababli prokuror Nadejda Tixonova jarayonni OAV va tinglovchilar uchun yopishni so‘ragan, ayblanuvchilarning advokatlari esa bu iltimosga qarshi chiqmagan.
Live
Barchasi