Rossiyaga ishlagan avstriyalik josus ushlandi
Olam
−
11:40 2226 2 daqiqa
Avstriyaning sobiq maxsus xizmat xodimi Egisto Ott ustidan Venada sud jarayoni boshlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ott Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilinmoqda. Sud jarayonining birinchi kunida prokuror Ottni “yillar davomida Avstriya Respublikasi manfaatlariga zid ravishda Rossiya razvedkasini qo‘llab kelgan” deb ayblagan.
Ottga davlatga xiyonat qilish, Avstriya xavfsizligiga tahdid yaratish, lavozim vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik ayblovlari qo‘yilgan. 2015–2022 yillarda Ott Avstriya va chet elda maxfiy ma’lumotlar to‘plagan. Bu faoliyatini Wirecard kompaniyasi sobiq menejeri Yan Marsalek orqali amalga oshirgan, u 2020 yilda Rossiyaga qochgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Ott Yevropa bazalaridan ma’lumot to‘plagan va Italiya hamda Buyuk Britaniyaga yordam so‘rovlarini yuborgan. Uning qiziqish ob’ektlari Rossiyadan qochgan fuqarolar, jurnalistlar va sobiq razvedka xodimlari bo‘lgan.
Avstriya prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ott ma’lumotlarni Moskvaga Marsalek va Bolgariya fuqarisi orqali yuborgan. Bolgariyalik shaxs 2025 yilda Londonda Rossiya josuslik tarmog‘i ishida sudlangan. Ott bular uchun 80 ming yevrodan ortiq mablag‘ olgan.
OAV xabariga ko‘ra, tergovchilar Ott bilan 2019 yilda Berlindagi parkda sobiq chechen komandiri Zelimxon Hangoshvilini Rossiya agenti Vadim Krasikov tomonidan o‘ldirilishi orasidagi bog‘lanishni aniqlovchi hujjat topgan. Prokuratura bu hujjatni “Yevropada kelajakdagi muvaffaqiyatli qotilliklar bo‘yicha qo‘llanma” deb atagan.
Hangoshvili qotilligidan ikki hafta o‘tib, Ott operatsiya muvaffaqiyatsizligi bo‘yicha tahlil tayyorlab, kelajakdagi qotilliklar bo‘yicha tavsiyalar bergan. Bu hujjat Avstriya hukumati topshirig‘i bilan tayyorlanmagan.
Bundan tashqari, Ott Moskvaga Avstriya Ichki ishlar vazirligining bir nechta yuqori lavozimli xodimlari mobil telefonlarini uzatgan. Oqibatda Rossiya rasmiylari minglab kontaktlarga kira olgan va Avstriyada yashovchi Ukraina hamda chechen qochqinlar xavfsizligi tahdid ostida qolgan.
Live
Barchasi