Rossiyadan yashirincha narkotik olib kelgan shaxs ushlandi (video)
Jamiyat
−
25 dekabr 3223 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga “Gazel” rusumli transport vositasi uchun mo‘ljallangan uzatmalar qutisi (korobka peredach) ichiga xufiyona tarzda yashirilgan holda olib kelinayotgan narkotik modda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida joylashgan “Navoiy” chegara bojxona posti orqali Qozog‘iston Respublikasidan kirib kelgan “Lada Largus” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ko‘rik davomida avtomashina yukxonasida saqlanayotgan, “Gazel” rusumli transport vositasi uchun mo‘ljallangan uzatmalar qutisi (korobka peredach) ichiga xufiyona tarzda yashirilgan holda 5 dona o‘ramda joylangan, umumiy og‘irligi 2 kg 300 gramm bo‘lgan “mefedron” sintetik narkotik moddasi aniqlangan.
Avtomashinani Buxoro shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqargan. U “O‘zbekiston – Rossiya” yo‘nalishida kirakashlik bilan muntazam shug‘ullanib kelgan. Fuqaro ushbu avtoehtiyot qismni Toshkent viloyatida kutib turgan, 2000 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek avtomashina qo‘yib yuborilgan va u kuzatuv ostiga olingan. Shundan so‘ng, buyurtmani qabul qilib olayotgan vaqtda ikkinchi shaxs (zakazchik) ham qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) hamda 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda narkotik savdosi uchun tashkil qilingan Telegram-bot fosh etilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi