Rossiyadagi qurilish maydonida markaziy osiyolik migrantlar mushtlashdi
Olam
−
18 Sentabr 2025 7003 2 daqiqa
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi qurilish maydonida tomni ta’mirlash ishlari va qurilish materiallari bo‘yicha kelib chiqqan kelishmovchilik ortidan markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Leningrad Bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ligovsk prospektidagi 44-uy hovlisida bir necha kishi o‘rtasida mushtlashuv bo‘layotgani haqida tuman Markaziy politsiyasiga murojaat tushgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari voqea joyidan mahalliy aholining bir vakili hamda 21-41 yosh oralig‘idagi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarosi bo‘lgan 11 kishini politsiyaga olib borgan.
Shu paytda migrantlardan biri mashina bilan qochishga uringan va patrul-post xizmati xodimini urib yuborib, uning tirsak bo‘g‘imini shikastlagan. Biroq u bir necha daqiqa ichida qo‘lga olingan.
“Politsiyaning aniqlashicha, Ligovsk prospekti, 44-uydagi qurilish ob’ekti hududida ishchilar o‘rtasida tomni ta’mirlash va ishlatiladigan materiallar yuzasidan kelishmovchilik chiqqan. Kelishuvga erisholmagach, mutaxassislar og‘zaki bahsdan ochiq to‘qnashuvga o‘tib, metall va yog‘och tayoqlardan foydalangan”, deyiladi xabarda.
Politsiyaga olib borilganlardan 8 nafari migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun, to‘rt nafari, jumladan, mahalliy aholi vakili mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Qo‘shimcha tekshiruv davomida voqea joyi va uning atrofi, shu jumladan, chordoq va podvallarda olib borilgan tintuv chog‘ida yana 7 nafar xorijlik ishchi qo‘lga olingan. Ulardan ikki nafari migratsiya qonunini buzganligi uchun, qolganlari esa mayda bezorilik uchun ma’muriy jazoga tortilgan.
Hozirda mushtlashuv bo‘yicha bezorilik moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 8 kishi gumondor sifatida so‘roq qilinib, hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Yanino-1 aholi yashash punktida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida yirik janjal yuz bergan edi. Ikki davlat fuqarolari o‘rtasidagi mojaro qurilayotgan bolalar bog‘chasi yaqinida boshlangan va qisqa vaqt ichida ommaviy mushtlashuvga aylanib ketgan.
Live
Barchasi