Rossiyada vabo xavfi. O‘zbekiston xavotirda
Tahlil
−
20:55 988 5 daqiqa
Rossiyada 27 yoshli ayol vabodan vafot etgani aytilmoqda. Uning o‘limidan so‘ng bemor yotgan Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi Shelexov shifoxonasi karantinga yopildi. Marhuma bilan aloqada bo‘lgan shaxslar esa izolyatsiya qilinib, tibbiy kuzatuvga olindi. O‘lim sababi hozircha mutaxassislar tomonidan turi aniqlanayotgan infeksiya bilan bog‘liq. Rossiyada mutaxassislar vafot etgan bemor bilan aloqada bo‘lgan jami 197 kishini aniqlagan. Ulardan 189 nafari profilaktik kuzatuv uchun shifoxonaga yotqizilgan, yana sakkiz nafari hozircha karantindan tashqarida qolmoqda. Rossiyadagi vabo xavfi haqidagi tashvishli xabarlardan so‘ng O‘zbekistonda ham epidemiologik tayyorgarlik kuchaytirildi
Rossiyada vabo tarqalyaptimi?
Qayd etilishicha, bemor joriy yilning 29 sentyabr kuni shifoxonaga yotqizilgan. Dastlab shifokorlar COVID-19 ning og‘ir kechishini gumon qilgan, biroq keyinroq vabo yuqtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot paydo bo‘lgan. Buning ortidan Telegram-kanallar, xususan, SHOT, “Baza” va “Mash” marhuma vaboga qarshi institutda ishlaganini hamda Buryatiyadagi xizmat safarida yoki laboratoriyada probirkani sindirib qo‘yib, kasallikni yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Irkutsk Epidemiologiya va mikrobiologiya instituti ushbu ma’lumotni rad etgan: matbuot xizmati ayol ularda hech qachon ishlamaganini, institutning o‘zi esa vabo qo‘zg‘atuvchisini tadqiq qilish bilan shug‘ullanmasligini ma’lum qilgan. Boshqa sohaviy muassasalar va Rospotrebnadzor tomonidan marhumaning ish joyi haqida hozircha hech qanday bayonot berilgani yo‘q.
Mutaxassislar vafot etgan bemor bilan aloqada bo‘lgan jami 197 kishini aniqlagan. Ulardan 189 nafari profilaktik kuzatuv uchun shifoxonaga yotqizilgan, yana sakkiz kishi hozircha karantindan tashqarida qolmoqda. Shu bilan birga, hokimiyat organlari aniqlangan muloqotda bo‘lgan shaxslarda kasallik belgilari yo‘qligini va laboratoriya tadqiqotlari natijalari manfiy chiqqanini xabar qilmoqda.
Shelexov shifoxonasida bir qator bo‘limlarning bemorlarni qabul qilishi va chiqarishi, shuningdek, laboratoriya ishi vaqtincha to‘xtatilgan. Rossiyada insonning vabo bilan kasallanishi bo‘yicha oxirgi holat 2016 yilda Oltoyda qayd etilgan. Agar hozirgi gumon o‘z tasdig‘ini topsa, Irkutsk viloyati uchun bu oxirgi o‘n yil ichidagi birinchi shunday holat bo‘ladi.
O‘zbekiston nimadan xavotirda?
Ijtimoiy tarmoqlarda rostdan ham holat qayd etilgani haqida ma’lumotlar tarqalganidan so‘ng Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistonda tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda Rossiya Federatsiyasining vakolatli idoralari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali vaziyat muntazam ravishda kuzatib borilmoqda. Xususan, kasallik tashxisining laboratoriyada tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yo‘llari, bemorning harakatlanish yo‘nalishi hamda u bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga oid ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
“Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgan”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Shuningdek, qo‘mita epidemiologik vaziyatda o‘zgarish yuz bergan taqdirda jamoatchilikka belgilangan tartibda qo‘shimcha axborot taqdim etilishini qayd etgan.
O‘zbekistonda vabo aniqlanganmi?
Ayolning vabodan vafot etgani hali tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, kasallikka qarshi harakatlar boshlanib ketdi. Nafaqat Rossiyada, balki O‘zbekistonda ham. Bu xavotirlar bejiz emas. Chunki vabo o‘ta xavfli va yuqumli ichak infeksiyalaridan biri hisoblanadi. Kasallik ingichka ichakning shikastlanishi, organizmning kuchli suvsizlanishi, zaharlanish va umumiy holatning og‘irlashishi bilan kechadi.
Vabo qo‘zg‘atuvchi mikroorganizm vabo vibrioni deb ataladi. U asosan bemorning axlati va qusishi orqali tashqi muhitga chiqadi. Vibrion tushgan suv yoki oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida kasallik yuqishi mumkin. Vabo vibrioni suv va nam muhitda ma’lum vaqtgacha yashab qolishi mumkin. Masalan, ba’zi suv havzalarida 15-30 kungacha, daryo suvida esa undan ham uzoqroq vaqt davomida saqlanish ehtimoli mavjud. Biroq dezinfeksiyalovchi vositalar va qaynatish vibrionni tezda yo‘q qiladi. Shu sababli, vabo gumoni paydo bo‘lgan hollarda suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, dezinfeksiya ishlarini olib borish hamda kasallik tarqalishining oldini olish muhim hisoblanadi.
O‘zbekistonda vabo kasalligi bilan og‘rigan bemorlar qayd etilmagan. 2022 yilda Afg‘onistonda aniqlangan vabo kasalligi O‘zbekistonga kirib kelgani haqida xavotirli xabarlar tarqaldi. Keyinchalik bu xabarlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov tomonidan rad etildi. Uning aytishicha, O‘zbekiston hududida vabo kasalligi biror marta ham qayd etilmagan. Vabo kasalligini dunyoning barcha hududlaridagi ochiq suv havzalarida uchratish ehtimoli yo‘q emas. Bugungi kunga qadar dunyoda 7 marta vabo pandemiyasi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, vabo dastlab 1816 yilda Hindistonda – Gang daryosi vodiysida paydo bo‘lgan. U yerda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgani sababli, aholining boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketishi natijasida kasallik dastlab Yevropaga, keyinchalik esa butun dunyoga tarqaldi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida Rossiyada rasman 834,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi ishlayotgani qayd etilgan. Biroq, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadagi o‘zbekistonliklar soni 2,5-3 million atrofida bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Rossiyadan O‘zbekistonga sayohat qiluvchilar soni ham ortib bormoqda. Rossiyalik sayyohlar joriy yilning kuz mavsumi uchun O‘zbekistonga aviachiptalarni faol band qilmoqda. Kuzgi aviachiptalar bronlash ulushining o‘sishi bo‘yicha O‘zbekiston mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 5,2 foiz bandga oshgan. Agar Rossiyada vabo tarqalishi tasdiqlansa, ushbu ko‘rsatkichlar o‘ta xavfli yuqumli kasallikning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Live
Barchasi