Rossiyada o‘zbekistonlik migrant kar-soqov erkakni urib o‘ldirdi (video)

Olam

image

Moskva viloyatining Shyolkovo shahrida O‘zbekiston fuqarosi 49 yoshli kar-soqov erkakni kaltaklab o‘ldirdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 20 iyul kuni sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchi axlat konteynerlari yonidan o‘tayotganida, u yerda mahalliy boshqaruv kompaniyasida ishlovchi ikki o‘zbekistonlik ishchi chiqindilarni kovlayotgan bo‘lgan. Kar-soqov erkak imo-ishoralar orqali noroziligini bildirgan – taxmin qilinishicha, u ularning axlatni titkilayotganiga e’tiroz bildirgan. Biroq migrantlarning aytishicha, ular uning imo-ishoralarini tajovuz sifatida tushungan.

Ishchilardan biri spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan holda, erkakning ikki marta qorniga va bir marta boshiga zarba bergan. Hujumga uchragan erkak esa unga qarshi hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan. Jabrlanuvchi yiqilib, yerga qattiq urilgan. Shundan so‘ng, hujum qilganlar jinoyat izlarini yashirishga harakat qilgan – ular jabrlanuvchining jasadini butalarga tortib olib borib, voqea joyidan qochib ketgan. 
Shu bilan birga, jabrlanuvchining telefoni va shaxsiy buyumlariga tegilmagan, bu holat voqeani o‘g‘irlik bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatadi.

Tergovchilar kuzatuv kameralari yordamida gumonlanuvchining shaxsini aniqlash va voqea tafsilotlarini to‘liq tiklashga muvaffaq bo‘lgan. 

Keyinchalik aniqlanishicha, ayblanuvchi – 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rossiya hududida noqonuniy tarzda bo‘lgan. Hozirda u hibsga olingan va unga nisbatan “odamga qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish, ehtiyotsizlik oqibatida uning o‘limiga sabab bo‘lish” moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Tergov davomida muhojirning Rossiyada noqonuniy yashashiga va boshqaruv kompaniyasida ishga joylashishiga kimlar yordam berganini aniqlash ham ko‘zda tutilgan. Surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada yashash uchun ruxsatnomasi bekor qilingan 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi rasmiy ravishda u yerdan deportatsiya qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Shyolkovo kar-soqov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing