Rossiyada urushga qarshi chiqqan jurnalist ayolga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Olam
−
25 mart 2022
12008Joriy yilning 14 mart kuni Rossiyaning “Birinchi kanal”i “Vremya” ko‘rsatuvi efirida studiyaga Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish haqida plakat bilan kirib borgan muharrir Marina Ovsyannikovaga nisbatan jinoiy ish ochildi. U Rossiya armiyasini obro‘sizlantirgani uchun 50 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda TASS Moskvaning Ostankinskiy sudiga tayanib, xabar berdi.
“Sudga Marina Ovsyannikovaga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.3.3-moddasi 1-qismi (Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar) bo‘yicha tuzilgan bayonnoma kelib tushdi. U 50 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, mazkur sud jurnalistni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.2-moddasi 2-qismi (xabar bermasdan ommaviy tadbirni tashkil etish yoki o‘tkazish) bo‘yicha aybdor deb topib, 30 ming rubl miqdorida jarima solgan edi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallariga ko‘ra, sud uni televideniyedagi harakati uchun emas, avvalroq ruxsat etilmagan namoyishlarda ishtirok etish uchun videoqo‘ng‘iroq qilgani uchun jazolagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni kechqurun “Birinchi kanal” xodimi Marina Ovsyannikova jonli efirda urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib bordi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan.
Rossiya Ukrainadagi urushini “maxsus harbiy amaliyot” deb atagan va rus OAVlariga urush so‘zini ishlatishni taqiqlagan. Bunga amal qilmaganlar esa "feyk xabar tarqatish"da ayblanishi mumkin.
Ovsyannikovaning qizlik familiyasi Tkachuk. U 1978 yilda Ukrainaning Odessa shahrida tug‘ilgan. Uning ikki farzandi bor - 2010 yilda tug‘ilgan qizi va 2004 yilda tug‘ilgan o‘g‘li.
LiveBarchasi