Rossiyada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan guruh qo‘lga olindi
Olam
−
20 avgust 11033 2 daqiqa
Rossiyaning Bryansk viloyatida mamlakat Federal xavfsizlik xizmati tomonidan terakt uyushtirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda maxsus xizmatga tayanib, RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar transport inshootlarida teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan ukrainaliklar bo‘lgan. Operatsiya chog‘ida uch kishi o‘ldirilgan, yana uch nafari qo‘lga olingan.
Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar – guruh qo‘mondoni, kapitan Aleksandr Juk (2002 yilda tug‘ilgan), aloqa xodimi, kichik serjant Roman Davdiyuk (1980 yilda tug‘ilgan) va feldsher, katta askar Aleksandr Godko (1995 yilda tug‘ilgan) bo‘lgan. O‘ldirilganlar esa mergan serjant Denis Medvedyuk (2002 yilda tug‘ilgan), muhandis katta askar Dmitriy Gavrilenko hamda muhandis kichik leytenant Vitaliy Yavkun (1990 yilda tug‘ilgan).
Ta’kidlanishicha, bu guruh Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi nazoratidagi maxsus operatsiyalar kuchlari tarkibida bo‘lgan va transport infratuzilmasiga qarshi diversiya va teraktlarni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan. Ular G‘arb maxsus xizmatlari xodimlari ishtirokida Ukrainada, shuningdek, Litva, Estoniya va Norvegiyada o‘qitilgan.
Qo‘lga olinganlardan AQSH ishlab chiqargan ovozsiz otishga moslangan oltita avtomat, Chexiyada ishlab chiqarilgan 16 kilogramm plastik portlovchi modda, ko‘plab granata va NATO namunasidagi o‘q-dorilar, shuningdek, Ukraina harbiy razvedkasi rahbariyati bilan aloqa o‘rnatish uchun radiostansiya topilgan.
Guruhning asosiy vazifasi transport ob’ektlarida diversiyalar uyushtirish bo‘lgan. Hibsga olinganlar aybini tan olib ko‘rsatma bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘tgan yilning sentyabr oyida Ukraina harbiy razvedkasi topshirig‘i bilan Noviy Oskol tumanida temiryo‘lni portlatgan, bu yil may oyida esa Bryansk viloyatida avtomobil ko‘prigini portlatgan.
Ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksi 281-moddasi 2-qismi “a” bandi bo‘yicha (diversiyaga tayyorgarlik) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tarkibidagi Udmurtiya Respublikasida poyezdni yoqib yuborishga tayyorgarlik ko‘rgan markaziy osiyolik shaxs qo‘lga olingandi. Hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan odamni xavfsizlik xodimlari ko‘cha supuruvchisi kiyimida ushlagan. Ular fuqaroning niyatidan boxabar bo‘lgan va hujumga tayyorgarlik ko‘rib, supuruvchi kiyimini kiyib olishgan.
Live
Barchasi