Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmasiga cheklov qo‘yilishi mumkin

Olam

image

Rossiya Davlat Dumasi deputatlari migrantlarning xorijga yuboradigan pul mablag‘lariga cheklov qo‘yishni taklif qildi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Noviye lyudi” partiyasi vakillari Markaziy bank rahbariga murojaat qilib, migrantlarning chet elga yuborayotgan pul miqdorini rasmiy maoshdan oshirmaslikni taklif qilgan.

Ushbu taklifga ko‘ra, agar migrant o‘z rasmiy daromadidan ortiqcha miqdorda pul jo‘natmoqchi bo‘lsa, u daromadlarini tasdiqlovchi moliyaviy deklaratsiyani taqdim etishi lozim bo‘ladi. Hozirgi kunda amaldagi qonunchilikda bunday cheklovlar mavjud emas va pul o‘tkazmalari ustidan nazorat qilinmaydi.

Tashabbus mualliflarining fikricha, ayni vaqtdagi huquqiy bo‘shliq noqonuniy daromadlarni legallashtirishga, soliqlardan bo‘yin tovlashga va mablag‘larni yashirincha xorijga chiqarishga sharoit yaratmoqda.

Shuningdek, partiya vakillari Rossiyaga jigar sarg‘ayishi (gepatit) yoki OIV/OITS virusi bilan kasallangan migrantlarni kiritmaslik g‘oyasini ham ilgari surmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu tashabbuslar fonida Rossiyada migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish va ularning iqtisodiy faoliyatini yanada ochiq qilish tendensiyasi davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasida bu hafta migrantlar uchun yangi davlat bojlari joriy etishga oid qonun loyihalari ko‘rib chiqilishi xabar qilingandi. Yangi tartibga ko‘ra, chet ellik fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar patent olish yoki uni qayta rasmiylashtirish uchun 4200 rubl, mehnat ruxsatnomasini uzaytirish uchun yana 4200 rubl, patent yoki ruxsatnoma nusxasini olish va unga o‘zgartirish kiritish uchun esa 2100 rubl boj to‘lashi taklif qilinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya pul o'tkazmasi Davlat Dumasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing