Rossiyada xorijliklarning qolish muddatini qisqartirish taklif qilinmoqda
Olam
−
27 aprel
6491Rossiya Davlat Dumasi deputatlari xorijliklarning mamlakatda bo‘lish muddatini yiliga 90 kungacha qisqartirish va noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborish rejimini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Hozirda chet el fuqarolari Rossiyada yiliga 180 kun vizasiz qolishlari mumkin.
Hujjatning tushuntirish xatida ko‘rsatilishicha, chiqarib yuborish rejimi Rossiya hududida qolish huquqiga ega bo‘lmagan chet elliklarga nisbatan o‘rnatiladi. Bu mamlakatda qonuniy bo‘lish muddatining tugashi, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash uchun ruxsatnomaning bekor qilinishi yoki huquqbuzarlik sodir etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
“Yuqoridagi o‘zgarishlar nafaqat Rossiya Federatsiyasi hududida xorijiy fuqarolarning mavjudligi ustidan nazoratni kuchaytirishga yordam beradi, balki xorijiy fuqarolarni Rossiya Federatsiyasi hududida o‘z maqomini qonuniylashtirishga undaydi”, deb ko‘rsatgan deputatlar qonun loyihasini tushuntirishda.
Eslatib o‘tamiz, “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” (“Spravedlivaya Rossiya – za pravdu”) partiyasi raisi, Davlat Dumasidagi partiya fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilishni taklif qilgandi. Rossiya Davlat Dumasining deputati Mixail Sheremet esa urush davomida Rossiyaga migrantlarning kirishini cheklash taklifini ilgari surgandi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi esa migratsiya qonunchiligining bir qator qoidalarini kuchaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
LiveBarchasi