Rossiyada harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari Valeriy Mo‘minjonov ushlandi

Olam

image

Rossiyadagi Leningrad harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Valeriy Mo‘minjonovga nisbatan o‘ta yirik miqdorda pora olgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda kecha, 2 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy amaldor Rossiya Mudofaa vazirligining resurslar bilan ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan va harbiylarni kiyim-kechak bilan ta’minlash uchun javobgar bo‘lgan davrida 20 million rubldan ortiq miqdorda pora olgan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Mo‘minjonov Mudofaa vazirligi manfaatlarini ko‘zlab, Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi harbiy amaliyotlar zonasida, shu jumladan, tijorat kompaniyalari bilan 1,5 milliard rubldan ortiq shartnomalar tuzishga ko‘maklashgan.

“Tergov davomida Mo‘minjonov va uning oila a’zolarining Moskva va Voronej shaharlaridagi qiymati 120 million rubldan ortiq bo‘lgan ko‘plab ko‘chmas mulk ob’ektlari borligi aniqlandi, ularni sotib olishning qonuniyligi tekshirilmoqda”, deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 29 avgust kuni Tergov qo‘mitasi Rossiya Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Pavel Popovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yildan 2024 yilgacha Popov “Patriot” bog‘i ishini tashkil qilish uchun mas’ul bo‘lgan va “boyib ketgan”. Shu kuni Moskvadagi 235-garnizon harbiy sudi Popovni 29 oktyabrgacha tergov izolyatoriga jo‘natgan. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy amaldor bog‘ direktori Vyacheslav Ahmedov va Rossiya Mudofaa vazirligi innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Shesterov bilan til biriktirgan, ularga nisbatan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergovchilar ta’kidlashicha, Popov o‘zining shaxsiy maqsadlari uchun “Patriot” bog‘i hisobidan qurilish va ta’mirlash ishlarini uyushtirgan, Moskva viloyatidagi uyiga turli xil moddiy boyliklarni olib borgan.

Pavel Popov uzoq vaqt Rossiya sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan ishlagan: 2008 yildan 2013 yilgacha u Favqulodda vaziyatlar vazirligida uning o‘rinbosari bo‘lgan. Popov 11 yil davomida mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan va ikki oy avval ishdan bo‘shatilgan edi. Amaldor Shoygu jamoasidan qo‘lga olingan uchinchi vazir o‘rinbosari bo‘ldi: avvalroq Tergov qo‘mitasi Dmitriy Bulgakovni 1,3 milliard rubllik korrupsion kelishuvlar uchun, Timur Ivanovni esa 1,2 milliard rubl pora uchun ushlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Valeriy Mo'minjonov okrug qo'mondoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing