Rossiya va KXDR o‘rtasida poyezdda yo‘lovchi tashish boshlanadi
Olam
−
21 Sentabr
5155“Rossiya temiryo‘llari” OAJ 15 dekabrdan boshlab Primore o‘lkasidan Shimoliy Koreyaga yo‘lovchi poyezdlar qatnovini qayta boshlaydi. Bu haqda Rossiya temiryo‘llari infratuzilmasiga kirishni ta’minlash va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish Uzoq Sharq mintaqaviy xizmati rahbari Sergey Fomichev ma’lum qildi.
“O‘tgan hafta pandemiyadan keyin yopilgan chegaralar bo‘yicha xalqaro yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Biz 15 dekabrdan boshlab Shimoliy Koreya bilan “Hasan”– “Tumangan” yo‘nalishida haftasiga uch marta qatnov boshlamoqchimiz. Bundan tashqari, shu sanadan boshlab “Grodekovo” stansiyasi va Xitoyning “Suyfenxe” o‘rtasida poyezdlar qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi”, deydi u.
Qayd etilishicha, tomonlar hozirda 2024-2025 yillar uchun harakatlanish jadvalini ishlab chiqmoqda. Ishlar yakunlangandan so‘ng Vladivostok – Hasan – Rajin (KXDR) yo‘nalishida poyezdlar qatnovi boshlanadi. Oktyabr oyida esa test rejimida ushbu amaliyot sinab ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, 6 iyun kuni COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan so‘ng birinchi yo‘lovchi poyezdi Primoredan KXDRga jo‘nab ketgan. Unda turizm sanoati vakillari Shimoliy Koreyaga sayohat qilgan. Primore gubernatori iyun oyida Vladivostokdan Shimoliy Koreyaning Rajiniga yo‘lovchi poyezdlarini iyul oyidan yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
Hozirgi vaqtda Primore shahridagi Hasan stansiyasidan Rajin portigacha temiryo‘l aloqasi mavjud, ammo faqat yuk tashish uchun. Primore va KXDR o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz aloqasi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen Inga 24 dona Orlov trotter zotli otini sovg‘a qilgan edi. Ushbu otlar “Hasan” temiryo‘l nazorat punkti orqali o‘tkazilgan.
LiveBarchasi