Rossiya Ukrainaning 1991 yilgi chegaralarga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi – Moskva
Olam
−
01 may 12611 2 daqiqa
Rossiya Ukrainaning 1991 yilgi chegaralarigacha tiklanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda bugun, 1 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi anneksiya qilingan Xerson viloyatiga uchuvchisiz samolyot hujumini izohlar ekan, ma’lum qildi.
Vazirlikning bildirishicha, hujum “tinch aholi qurbonlari va jarohatlari sonini maksimal darajada oshirish maqsadida ataylab dam olish kunida amalga oshirilgan”.
“Kiyev va uning g‘arbiy ittifoqchilarining 1991 yilgi chegaralar doirasida Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash haqidagi “befoyda va asossiz da’volari” ortida Rossiya manfaatlariga zarar yetkazish istagi yotadi, biroq Moskva bunday ssenariyning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Rossiya tomoni hujumga aloqador barcha shaxslar aniqlanib, qonun doirasida javobgarlikka tortilishini bildirgan. Shuningdek, Moskva xalqaro hamjamiyat va tegishli ko‘p tomonlama tashkilotlarni voqeaga prinsipial baho berishga va sodir bo‘lgan voqeani qoralashga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, 2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Budapesht memorandumini hamda Rossiya Ukrainaning 1991 yilgi chegaralari doirasidagi hududiy yaxlitligini tan olgan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik shartnomasini buzgan deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellogg “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida AQSH Ukrainaga mojaroning tugatilishi bo‘yicha 22 ta aniq shartni taqdim etgani va Kiyev ularni qabul qilganini, Ukraina Rossiya tomonidan amalda nazorat qilinayotgan hududlardan voz kechishga tayyor ekani, biroq bu yuridik jihatdan tan olinmasligini aytgandi.
Trampning o‘zi esa 29 aprel kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davom etayotgan hujumlarga qaramay, Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi ekanini, Putin uni hurmat qilgani uchun butun Ukrainani egallamaganini aytdi.
Live
Barchasi