Rossiya Ukrainaga so‘nggi 2,5 yildagi eng ko‘p raketa zarbalarini berdi – OAV

Olam

image

Joriy yilning oktyabr oyida Rossiya Ukrainaga 2023 yil boshidan beri hisoblaganda eng ko‘p raketa hujumlarini uyushtirdi. Bu haqda Ukraina havo kuchlari har kuni e’lon qilib boradigan statistik ma’lumotlar tahliliga tayanib, AFP xabar berdi.

AFP ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi bir oy ichida 270 ta raketa uchirgan – bu sentyabrdagidan 46 foiz ko‘p. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yil boshida Kiyev bunday ma’lumotlarni muntazam e’lon qila boshlagandan beri eng yuqori son hisoblanadi. Shu bilan birga, Rossiya oktyabrda 5298 ta uzoq masofali dron uchirgan – bu esa sentyabrga nisbatan 6 foizga kam, ammo hali ham eng yuqori ko‘rsatkichlarga yaqin.

Qayd etilishicha, mazkur hujumlar Moskvaning Ukraina energetika infratuzilmasiga qarshi qaratilgan, qish mavsumida to‘rtinchi yil davom etayotgan kampaniyasining davomi hisoblanadi. Kiyev va uning g‘arbiy ittifoqchilari bunday harakatlarni terror sifatida baholab, tinch aholini holdan toydirishga urinish deb atamoqda.

Bunga javoban Ukraina tomoni Rossiyaning neft bazalari va neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar berib, mamlakat ichkarisida yoqilg‘i ta’minotini izdan chiqarish va defitsit yuzaga keltirishga harakat qilmoqda.

Yong‘in va vayronagarchiliklar tufayli Ukraina viloyatlarida, jumladan poytaxt Kiyevda elektr energiyasini rejalashtirilgan o‘chirish chorasi qayta joriy etilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy oktyabr oyida Rossiyaning maqsadi “tartibsizlik keltirib chiqarish” va energetika hamda temiryo‘l infratuzilmasiga zarbalar orqali aholiga psixologik bosimni kuchaytirish ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning avgust oyidan beri Rossiya Ukraina hududiga kamida 23 ta 9M729 turidagi raketa uchirgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur raketalar oddiy yoki yadroviy jangovar kallaklar bilan jihozlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing